Elektromobillar akkumulyatorlari kutilganidan ko'ra ancha mustahkam bo'lib chiqdi

Avstriyaning AVILOO kompaniyasi elektromobillar akkumulyatorlarining chidamliligi bo‘yicha keng ko‘lamli tadqiqot o‘tkazib, 150 ming kilometr masofani bosib o‘tgan mashinalarning texnik holatini tahlil qildi. Bu haqda One.uz xabar beradi.
Tadqiqot doirasida 20 ta ommabop modelga tegishli yarim milliondan ortiq mustaqil sinov natijalari o‘rganildi va zamonaviy batareyalar uzoq muddatli foydalanishdan keyin ham o‘z quvvatining qariyb 94 foizini saqlab qolishi aniqlandi. Mutaxassislar bu natijani akkumulyatorlarni sovutish va isitish tizimlarining takomillashgani hamda texnologik rivojlanish bilan izohlamoqda.
O‘tkazilgan tahlillar shuni ko‘rsatdiki, tortish batareyalari ishlab chiqaruvchilar vaʼda qilganidan ko‘ra mustahkamroq bo‘lib chiqdi. Eng yaxshi ko‘rsatkichlarni namoyish etgan elektromobillar 150 ming kilometrlik masofadan so‘ng ham o‘zining dastlabki foydali sig‘imini yuqori darajada saqlab qolgan.
Bu esa ikkilamchi bozorda elektromobillarga bo‘lgan ishonchni oshirishga xizmat qiladi. Eng chidamli modellar reytingi Tadqiqot natijalariga ko‘ra, eng yuqori ko‘rsatkichni Mercedes-Benz EQA modeli qayd etdi.
Ushbu krossoverda batareyaning dastlabki holatini aks ettiruvchi ko‘rsatkich 94 foizni tashkil etgan. Undan keyingi o‘rinlarni minimal farq bilan Janubiy Koreya va Germaniya avtomobillari egalladi.
Xususan, Hyundai IONIQ 5 modeli 93,8 foiz, BMW i4 elektromobili esa 93,6 foiz natija bilan kuchli uchlikdan joy oldi. Shuningdek, Hyundai Kona EV va Volvo XC40 Recharge modellari ham 92 foizdan ziyod sig‘imni saqlab qolgani tasdiqlandi.
Ford Mustang Mach-E va Polestar 2 kabi mashhur elektromobillar esa 92,5 foiz atrofidagi natijani ko‘rsatdi. Bu raqamlar zamonaviy batareyalar o‘n yillab xizmat qilishi mumkinligidan dalolat beradi.
Tesla va boshqa ishlab chiqaruvchilar Dunyoga mashhur Tesla elektromobillari ushbu reytingda yetakchilardan biroz ortda qoldi. Masalan, Tesla Model Y modeli 150 ming kilometrdan keyin 90,3 foiz, Tesla Model 3 esa o‘rtacha 88,9 foiz ko‘rsatkichga ega bo‘lgan.
Qizig‘i shundaki, dastlabki 50 ming kilometr masofada Tesla Model Y batareyasi 94,5 foiz atrofida turgan bo‘lsa, keyinchalik degradatsiya jarayoni biroz tezlashgan. Tekshirilgan modellar orasida eng past natijalardan biri Nissan Leaf ZE1 modelida kuzatildi va u 86,3 foizni tashkil etdi.
Mutaxassislar buni ushbu mashinadagi nisbatan kichik, ya’ni 40 kilovatt-soatli batareya bilan izohlamoqda. Kichik sig‘imli akkumulyatorlar bir xil masofani bosib o‘tish uchun kattaroq batareyalarga qaraganda ko‘proq quvvatlanish siklini boshdan kechirishga majbur bo‘ladi, bu esa ularning tezroq eshishiga olib keladi.
Batareya holatiga taʼsir qiluvchi omillar Tadqiqot mualliflarining taʼkidlashicha, bitta modeldagi avtomobillarning o‘rtacha ko‘rsatkichidan ko‘ra, ularning o‘zaro farqi muhimroq rol o‘ynaydi. Bir xil masofani bosib o‘tgan va bir xil modeldagi ikki mashinaning batareya holati bir-biridan sezilarli darajada farq qilishi mumkin.
Ayrim hollarda bu farq 13,5 foizgacha yetgan. Bunday tafovutlar avtomobilning qanday muhitda saqlangani, quvvatlash uslubi va haydovchining harakatlanish tartibiga bevosita bog‘liqdir.
Batareya holatidagi 10 foizlik farq real yurish masofasida o‘nlab kilometrlar boy berilishini anglatadi. Shu sababli, elektromobil sotib olayotganda nafaqat uning bosib o‘tgan yo‘liga, balki akkumulyatorining haqiqiy texnik holatiga e’tibor berish lozim.





