Saudiya Arabistonidagi O‘zbekiston fuqarolari xavfsizlik choralari haqida ogohlantirildi

Yaqin Sharq mintaqasida xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyatning keskinlashuvi munosabati bilan Saudiya Arabistoniga safar qilishni rejalashtirayotgan hamda ayni vaqtda ushbu mamlakat hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari uchun rasmiy ogohlantirish e’lon qilindi. Bu haqda One.uz xabar beradi.
Mintaqadagi beqarorlik tufayli havo hududidan foydalanish xavfsizligi nuqtayi nazaridan xalqaro va mahalliy aviaqatnovlar jadvalida jiddiy o‘zgarishlar yuzaga kelishi ehtimoli mavjud. Shu sababli, hamyurtlarimizdan ehtiyot choralarini ko‘rish, parvozlar holatini oldindan aniqlash va diplomatik vakolatxonalar bilan doimiy aloqada bo‘lish so‘ralmoqda.
Mintaqadagi murakkab siyosiy va harbiy vaziyat havo qatnovi xavfsizligiga bevosita ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Mutaxassislarning bildirishicha, parvozlarning belgilangan vaqtdan kechikishi yoki butunlay bekor qilinishi holatlari kuzatilishi ehtimoldan xoli emas.
Shuningdek, ayrim aviakompaniyalar yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash maqsadida samolyotlar yo‘nalishini zaxira aeroportlariga yoki xavfsiz havo yo‘laklariga o‘zgartirishi mumkin. Shu bois, safarga otlanishdan avval aviakompaniya vakillari bilan bog‘lanib, reys holatini qayta tekshirib olish tavsiya etiladi.
Diplomatik vakolatxonalar bilan tezkor aloqa O‘zbekistonning Saudiya Arabistonidagi diplomatik vakolatxonalari fuqarolarga zarur yordam ko‘rsatish uchun to‘liq tayyor holatga keltirilgan. Ar-Riyoz shahridagi elchixona va Jidda shahridagi Bosh konsulxona xodimlari yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni tezkorlik bilan hal etish choralarini ko‘rmoqda.
Fuqarolar har qanday favqulodda holatda elchixonaning +966 11 263 52 23 raqamiga yoki Bosh konsulxonaning +966 12 607 72 50 raqamiga qo‘ng‘iroq qilishlari mumkin. Shuningdek, mas’ul konsullar bilan Telegram va WhatsApp ijtimoiy tarmoqlari orqali bog‘lanish imkoniyati yaratilgan.
Xavfsizlik choralari va muhim tavsiyalar Saudiya Arabistoni hududida bo‘lib turgan yurtdoshlarimizga faqat rasmiy davlat idoralari va diplomatik vakolatxonalar tomonidan tarqatilayotgan ma’lumotlarga tayanish tavsiya etiladi. Turli asossiz xabarlarga ishonmaslik va vahimaga berilmaslik lozim.
Fuqarolardan odamlar gavjum to‘planadigan joylardan uzoqroq bo‘lish, mahalliy huquq-tartibot organlarining xavfsizlik talablariga qat’iy rioya qilish so‘raladi. Shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni doimo o‘z bilan olib yurish va yaqinlar bilan muntazam aloqada bo‘lish xavfsizlikning muhim shartlaridan biridir.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi va mamlakatimizning xorijdagi vakolatxonalari vaziyatning rivojlanishini diqqat bilan kuzatib bormoqda. Zarurat tug‘ilganda qo‘shimcha ma’lumotlar va yangilangan ko‘rsatmalar rasmiy manbalar orqali e’lon qilib boriladi.





