AQSH harbiy samolyotida suvosti kemalari yo'q qilingani haqida belgilar paydo bo'ldi

Amerika Qo'shma Shtatlari harbiy aviatsiyasi atrofida xalqaro ekspertlar va mudofaa sohasi tahlilchilarining qizg'in bahslariga sabab bo'lgan fotosurat tarqaldi. Bu haqda One.uz xabar beradi.
Nufuzli nashrlar AQSH Dengiz piyodalari korpusining maxsus eskadrilyasiga qarashli F-35C Lightning II beshinchi avlod qiruvchi samolyotining yaqindan tushirilgan tasvirini e'lon qildi. Ushbu suratda samolyot korpusiga tushirilgan shartli belgilar orqali bajarilgan murakkab jangovar vazifalar, qo'llanilgan qurol-aslahalar hamda yo'q qilingan nishonlar aks etgan.
Ayniqsa, qiruvchining qurol bo'linmasi qopqog'iga chizilgan uchta suvosti kemasi belgisi mutaxassislar orasida katta hayrat va savollarni keltirib chiqarmoqda. Yaqinda o'tkazilgan harbiy operatsiyalardan qaytgan mazkur qiruvchi samolyotning kabina osti va havo qabul qilgich oldi qismida yuqori aniqlikdagi qurollar shakllari muhrlangan.
Ular orasida havo janglari uchun mo'ljallangan uzoq masofali boshqariluvchi raketalar, taktik planerlanuvchi aviatsiya vositalari hamda turli vazndagi yuqori aniqlikdagi boshqariluvchi aviabombalar mavjud. Har bir qurol shakli yoniga tushirilgan qo'shimcha chiziqlar ushbu turdagi qurollar real jangovar sharoitda necha marotaba muvaffaqiyatli qo'llanilganini bildiradi.
Bu esa samolyotning o'ta faol jangovar harakatlarda ishtirok etganidan dalolat beradi. Jangovar nishonlar va urib tushirilgan dronlar Samolyot korpusidagi tasvirlar uning nafaqat havoda, balki quruqlik va dengizda ham keng ko'lamli zarbalar berganini ko'rsatmoqda.
Dengiz nishonlari orasida neft tankeri hamda yirik harbiy kemalar shakllari aks etgan. Quruqlikdagi nishonlar sirasiga esa artilleriya qurilmalari, ko'chma zenit-raketa majmualari va strategik ahamiyatga ega bo'lgan statsionar ob'ektlar kiradi.
Shuningdek, samolyot tomonidan urib tushirilgan uchuvchisiz uchish apparati belgisi ham alohida e'tiborni tortadi. Tahlilchilar bu belgi Arabiston dengizi hududida amalga oshirilgan muvaffaqiyatli to'xtatib qolish amaliyoti bilan bog'liq bo'lishi mumkinligini taxmin qilmoqdalar.
Suvosti kemalari bilan bog'liq jumboq Harbiy ekspertlarning eng katta diqqati uchta suvosti kemasi shakliga qaratilgan. Taktik qiruvchi samolyot tomonidan suvosti kemalarining nishonga olinishi va yakson qilinishi harbiy aviatsiya amaliyotida juda kam uchraydigan, g'ayrioddiy hodisa hisoblanadi.
Odatda bunday vazifalar maxsus suvosti kemalariga qarshi kurashuvchi samolyotlar yoki vertolyotlar tomonidan bajariladi. F-35C kabi qiruvchi samolyotning bunday natijaga erishishi harbiy doiralarda katta muhokamalarga sabab bo'ldi.
Ushbu holat zamonaviy urush olib borish usullari o'zgarib borayotganini va beshinchi avlod qiruvchi samolyotlarining imkoniyatlari kutilganidan ancha keng ekanini ko'rsatishi mumkin. Mutaxassislar ushbu belgilar samolyotning haqiqiy jangovar yutuqlari yoki o'quv-mashg'ulot yig'inlaridagi muvaffaqiyatlari ekani borasida yagona to'xtamga kelishgani yo'q.
Shunga qaramay, mazkur surat AQSH harbiy-havo kuchlarining texnologik ustunligini yana bir bor namoyish etmoqda.





