AQSHda o‘zbek fuqarosi 24 ta yuk partiyasini o‘g‘irlashda ayblanib yotir

AQSH Adliya vazirligi 33 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Nursulton Haydarovga nisbatan kamida 24 ta yirik yuk partiyasini o‘g‘irlash bo‘yicha jinoiy til biriktirish ayblovini e’lon qildi. Bu haqda One.uz xabar beradi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, g‘oyib bo‘lgan mahsulotlarning umumiy qiymati 12 million AQSH dollaridan oshib ketgan. Mazkur yirik ko‘lamli jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki sud majlisi Konnektikut shtatining Bridjport shahridagi federal sudda bo‘lib o‘tdi.
Trast niqobidagi sxema: Tovarlar qanday o‘g‘irlangan? Federal qidiruv byurosi (FQB) va huquq-tartibot idoralari olib borgan tergov versiyasiga muvofiq, firibgarlik puxta reja asosida yo‘lga qo‘yilgan.
Avval Haydarov va uning ehtimoliy sheriklari 2025 yil sentyabr oyidan boshlab AQSH hududida faoliyat yurituvchi bir nechta yuk tashish (logistika) shirkatlarini sotib olgan yoki ular ustidan nazorat o‘rnatgan. Keyin ular o‘zlarini ishonchli va tajribali tashuvchilar sifatida ko‘rsatib, sobiq egalarining ro‘yxatdan o‘tish raqamlari (DOT/MC), elektron pochtalari va shaxsiy ma’lumotlari orqali yirik tashish shartnomalarini qo‘lga kiritgan.
Omborlardan olib chiqilgan qimmatbaho tovarlar buyurtmachilarga yetkazilmagan, ba’zi holatlarda esa yukni egasiga qaytarish uchun tovon puli talab qilingan. Hibsga olinishi va kutilayotgan jazo chorasi Jinoiy harakatlarni fosh etish va gumonlanuvchini qo‘lga olish bo‘yicha qator tezkor tadbirlar amalga oshirildi.
Nursulton Haydarov 2026 yil 1 iyun kuni Kaliforniya shtati hududida qo‘lga olingan. 2026 yil 22 sentyabrda federal hakamlar hay’ati unga nisbatan jinoiy fitna ayblovini rasman tasdiqladi.
21 oktyabr kuni o‘tkazilgan sudda u o‘zini aybdor emas deb hisoblashini bildirgan. Agar sud jarayonida ayb to‘liq isbotlansa, unga 5 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi berilishi mumkin.
Hozirda FQB va AQSHning boshqa vakolatli huquq-tartibot tuzilmalari jinoiy to‘daning ehtimoliy boshqa a’zolarini aniqlash va o‘g‘irlangan yuklar taqdiriga oydinlik kiritish bo‘yicha surishtiruv ishlarini davom ettirmoqda.





