
Toshkent viloyatida noqonuniy diniy ta'lim faoliyati aniqlanganligi haqida Davlat xavfsizlik xizmati matbuot xizmati xabar bermoqda. Bu haqida Upl.uz xabar berdi.
DXX xodimlari hamda ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda maxsus tezkor tadbirlar o‘tkazildi. Tadbirlar davomida 21 va 43 yoshdagi ikki ishsiz fuqaro tomonidan voyaga yetmagan shaxslarni noqonuniy diniy ta'limga jalb qilganlari aniqlandi.
Xususan, 21 yoshli shaxs Zangiota tumanida 31 nafar bolani, 43 yoshli shaxs esa Toshkent tumanida 12 nafar voyaga yetmagan bolani diniy ta'limga o‘rgatgan. Mazkur qonunbuzarliklarda ayblangan shaxslar hamda o‘z farzandlarini bunday noqonuniy ta'lim muassasalariga berib qo‘ygan ota-onalar ma'muriy javobgarlikka tortildi.
Qonun oldida har bir fuqaroning mas'uliyati muhim bo‘lib, diniy ta'lim faqat rasmiy ro‘yxatdan o‘tgan va davlat tomonidan nazorat qilinadigan muassasalarda amalga oshirilishi lozim. Shunday qilib, noqonuniy ta'lim faoliyatining oldini olish va jamiyat xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha chora-tadbirlar davom ettirilmoqda.