
So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda, xususan, Telegramdagi «Islam Kaparzo» kanalida Toshkent metropolitenida 34 yil ishlagan xodimning majburiy ravishda ishdan bo‘shatilgani to‘g‘risida xabarlar tarqaldi. Bu haqida Upl.uz xabar berdi.
Ushbu holat yuzasidan Toshkent metropoliteni rasmiy izoh berdi. Metropoliten ma’lumotiga ko‘ra, elektron to‘lov tizimlarini modernizatsiya qilish va rivojlantirish doirasida kassirlar soni bosqichma-bosqich kamaymoqda.
Bu holat ishchi shtatlarini optimallashtirish va kassir operatorlari lavozimlarini qisqartirishga olib kelmoqda. Mehnat qonunchiligiga muvofiq, qisqartirilayotgan xodimlarga ikki oylik ogohlantirish muddati beriladi hamda qo‘shimcha kompensatsiyalar to‘lanadi.
Xodimlar o‘z xohishiga ko‘ra mehnat shartnomasini bekor qilib, barcha kompensatsiyalarni olish huquqiga ega. Muayyan holatda, Svetlana Vladimirovna Vidrix 15 iyul kuni o‘tkazilgan ishchi guruh yig‘ilishida yuqoridagi shartlar taklif qilingan va u hozirda katta operator lavozimida ishlashda davom etmoqda.
Shuningdek, uning pensiyaga chiqishiga atigi olti oy qolganligi inobatga olinib, kasaba uyushmasi tomonidan metropoliten tizimida boshqa mos lavozimga o‘tkazish variantlari ko‘rib chiqilishi taklif etilgan. Toshkent metropoliteni ma’muriyati «Islam Kaparzo» Telegram-kanalida berilgan ma’lumotlarning bir tomonlama va to‘liq emasligini ta’kidlab, bu noto‘g‘ri ma’lumotlarning tarqalishi korxona obro‘siga salbiy ta’sir ko‘rsatishini, xodimlar orasida asossiz tashvish va tushunmovchiliklarni yuzaga keltirishini bildiradi.
Shu bois, Toshkent metropoliteni rasmiylari Telegram-kanal mualliflari va administratorlarini ma’lumotlarni tekshirishga va rasmiy izohlarga murojaat qilishga chaqiradi. Shuningdek, noto‘g‘ri ma’lumot tarqatganlik uchun Ma’muriy javobgarlik kodeksi va Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bo‘yicha javobgarlik ko‘zda tutilganligi eslatib o‘tiladi.