
Bosh prokuratura huzuridagi Departament matbuot xizmati tomonidan xorijiy davlatlarga ishga yuborish bilan bog‘liq firibgarlik holati ochiqlandi. Bu haqida Upl.uz xabar berdi.
Yunusobod tuman bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan dastlabki tekshiruvda, "F.A." MChJ rahbari va ilgari sudlangan menejer ijtimoiy tarmoqlarda Germaniyaga ishga yuborish bo‘yicha e’lonlar joylashtirgani ma’lum bo‘ldi. Ular 9 nafar fuqaroning ishonchini qozonib, ularga soxta shartnomalar tuzib, firibgarlik yo‘li bilan jami 12 500 AQSh dollari hamda 73,2 million so‘m mablag‘ni qo‘lga kiritgan.
Ushbu holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining “Firibgarlik” hamda “Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, soxtalashtirish, ularni sotish yoki qo‘llash” moddalariga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
Mazkur holat fuqarolarning huquqiy himoyasini ta’minlash va firibgarlikning oldini olish maqsadida keng ko‘lamda o‘rganilmoqda. Tergov jarayonlari yakunlangach, qonuniy choralar ko‘riladi.
Fuqarolarni bunday firibgarliklardan ehtiyot bo‘lishga chaqiramiz.