
Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona kanali suv yuzasida ko‘pik paydo bo‘lgan videotasvir tarqalganidan so‘ng, Andijon viloyati Shirmonbuloq tumanida Ekologiya boshqarmasi mutaxassislari tomonidan rejasiz tekshiruv o‘tkazildi. Bu haqida Upl.uz xabar berdi.
Tekshiruv jarayonida suvning fizik-kimyoviy tarkibi o‘zgargani aniqlanib, ifloslanish manbai yaqin atrofda joylashgan tikuv-trikotaj fabrikasining chiqindi suvlari ekanligi ma’lum bo‘ldi. To‘qimachilik mahsulotlarini qayta ishlashda ishlatilgan suv to‘g‘ridan-to‘g‘ri kanalga quyilgan.
Suvda nitritlar, nitratlar, ishqoriy birikmalar hamda bo‘yoqlar mavjudligi aniqlanib, bu ko‘pik hosil bo‘lishi va suv rangining o‘zgarishiga sabab bo‘lgan. Mas’ul tashkilotlarning ma’lumotiga ko‘ra, aniqlangan qonunbuzarliklar bartaraf etilgan va vaziyat nazoratga olingan.
Shu tariqa, atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.