
Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati xabar berishicha, Muzrabod tumanida yo‘l-patrul xizmati xodimlari tomonidan “Matiz” rusumli avtomobil to‘xtatildi. Bu haqida Upl.uz xabar berdi.
Avtomobil boshqaruvida 1946 yilda tug‘ilgan erkak bo‘lib, hujjatlari tekshirilganda, u spirtli ichimlik ta’siri ostida haydashini aniqlashdi. Shuningdek, ushbu fuqaroning haydovchilik guvohnomasi mavjud emasligi ma’lum bo‘ldi.
Fuqaroning yoshi inobatga olinib, unga sodir etilgan huquqbuzarlikning oqibatlari tushuntirildi va uni uyi tomon kuzatib borishdi. Uyga yetib borgach, erkak o‘z xotiniga topshirildi.
U yo‘l-patrul xizmati xodimlariga minnatdorchilik bildirdi, chunki ular unga nisbatan tushunish bilan yondashdi. Bundan buyon haydovchilik guvohnomasiz va mast holatda avtomobil boshqarmaslikka va’da berdi.
Hujjatlarsiz avtomobil boshqarishi sababini esa shunday tushuntirdi: u odatda mashina haydamasligini, ayni paytda faqat mahalla ichidagi yo‘llarda bir kilometrdan oshmaydigan masofada harakat qilganini aytdi. Bu holat qonuniy talablar va yo‘l harakati qoidalariga zid ekanligi alohida ta’kidlandi.