
Andijon viloyati Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmatida ma’lumot berildi. Bu haqida Upl.uz xabar berdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda bir necha shaxs tomonidan voyaga yetmagan fuqaroning jismoniy zo‘ravonlikka uchragani haqida xabar tarqaldi. O‘rganishlar natijasida, joriy yilning 30 iyul kuni soat 13:50 atrofida 2009 va 2010 yillarda tug‘ilgan ikki fuqaro Andijon shahrining Navbahor mahallasidagi Mashrab ko‘chasida joylashgan “Kuyov Sarpo” kiyim do‘koniga kelib, 2008 yilda tug‘ilgan sotuvchi bilan muloqot qilganlari ma’lum bo‘ldi.
Ular sotuvchidan ikki ko‘ylakni qarzga sotib olishni so‘rashgan, biroq rad javobini olishgan. Natijada ular o‘rtasida janjal kelib chiqqan va janjal davomida sotuvchi do‘kon xodimi tan jarohati olgan.
Shu kuni jabrlangan shaxsga sud-tibbiy ekspertiza tayinlandi. Andijon shahar Ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Holat yuzasidan qo‘shimcha tekshiruvlar davom etmoqda.