
Davlat xavfsizlik xizmati matbuot xizmati tomonidan ma’lum qilinishicha, Samarqand shahrida joylashgan geologik xizmatlar ko‘rsatadigan xususiy korxona direktori ushlangan. Bu haqida Upl.uz xabar berdi.
Xodimlar tomonidan o‘tkazilgan maxsus operativ tadbir davomida gumonlanuvchi 10 ming AQSh dollarini olgan paytda qo‘lga olindi. Aniqlanishicha, u fuqaro bilan ishonchli munosabat o‘rnatib, Samarqand va Jizzax viloyatlaridagi oltin konlari xaritasi hamda suratlarini taqdim etishni va’da qilgan.
Gumonlanuvchi xaritaning maxfiy ekanligini ta’kidlab, undan 25 ming dollar so‘ragan. Tegishli organlarning xulosasiga ko‘ra, sotilmoqchi bo‘lgan xarita hech qanday qiymatga ega emas va maxfiy hisoblanmaydi.
Ushbu holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergov harakatlari davom etmoqda.