
Jizzax viloyatida yashovchi fuqaro o‘zining Lacetti rusumli avtomobilidan qarzini to‘lamaganligi sababli mahrum bo‘ldi. Bu haqida Upl.uz xabar berdi.
Jizzax viloyatining Majburiy ijro byurosi xabariga ko‘ra, sud qarori bilan bankka garovga qo‘yilgan transport vositasi musodara qilindi. Fuqaroning bank oldidagi umumiy qarzi 100 million so‘mga yetgan.
Majburiy ijro jarayoni doirasida byuro xodimlari qarzdorga qarzni ixtiyoriy to‘lashni taklif qilgan, shunda avtomobilni musodara qilishdan qochish mumkin edi. Biroq, fuqaro bu taklifni rad etib, transport vositasini yashirishga harakat qilgan.
Shu sababli, avtomobil qidiruvga berildi. Bir muddat o‘tgach, ichki ishlar organlari xodimlari qidiruvdagi avtomobilni topib, jarima maydonchasiga joylashtirdi.
Hozirda musodara qilingan transport vositasi auksionga qo‘yilgan. Savdodan tushgan barcha mablag‘lar bank oldidagi qarzni to‘lashga yo‘naltiriladi.