
Nukus shahrida Favqulodda vaziyatlar vazirligining qutqaruvchilari barmog‘iga tiqilib qolgan uzukni olib berishda yordam ko‘rsatdi. Bu haqida Upl.uz xabar berdi.
O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, hodisa 2025 yil 15 avgust kuni kechqurun sodir bo‘lgan. Soat taxminan 23:30 da Qoraqalpog‘iston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga “112” tizimi orqali qo‘ng‘iroq kelib tushdi.
“Tinchlik” mahallasining fuqarolar yig‘ini aholisi o‘z farzandining barmog‘idan uzukni mustaqil ravishda yecha olmasligini bildirgan. Qutqaruvchilar voqea joyiga tezkor yetib borib, maxsus uskunalar yordamida uzukni ehtiyotkorlik bilan kesib oldi.
Bu jarayonda qizga hech qanday zarar yetkazilmadi. Ularning malakali va muvofiqlashtirilgan harakatlari tufayli vaziyat jiddiy oqibatlarsiz hal etildi.