
Toshkent shahar deputatlari Veolia Energy Tashkent kompaniyasining issiq suv va isitish xizmatlari tariflarini oshirish bo‘yicha taklifini ma’qulladi. Bu haqida Upl.uz xabar berdi.
Ushbu o‘zgarish natijasida aholiga tariflar 15 foizga, yuridik shaxslarga 40 foizga, budjet tashkilotlariga esa 18,8 foizga oshirilishi kutilmoqda. Qaror 22 avgust kuni Toshkent shahar xalq deputatlari kengashida tasdiqlandi.
Yangi tariflarning qachon kuchga kirishi hozircha aniq emas, ammo kompaniya 2025 yil 1 oktabrdan boshlab tariflarni oshirishni taklif qilmoqda. Tariflar hokim Shavkat Umurzakov tomonidan imzolanganidan keyin 15 kun o‘tib amal qiladigan bo‘ladi.
Yangi tariflar quyidagicha belgilangan: aholiga issiq suv va isitish uchun tarif 121 617 so‘mdan 139 860 so‘mga, ya’ni 15 foizga oshiriladi. Yuridik shaxslar uchun tarif 244 497 so‘mdan 342 296 so‘mga, 40 foizga ko‘tariladi.
Budjet tashkilotlari uchun tarif esa 801 963 so‘mdan 952 797 so‘mga, 18,8 foizga oshiriladi. Shuningdek, bazaviy tarif 7 foizga oshib, 664 465 so‘mdan 711 641 so‘mga yetadi.
Veolia Energy Tashkent bosh direktori Sevara Pardayeva ta’kidlaganidek, hozirgi vaqtda poytaxt aholisi haqiqiy tarifning atigi 18 foizini to‘laydi, qolgan qismi davlat subsidiya hisobidan qoplanmoqda. Hukumat 2030 yilga borib kommunal xizmatlarni subsidiya qilishni bosqichma-bosqich to‘xtatishni rejalashtirmoqda.
Asosiy maqsad – yordamni faqat haqiqatdan muhtoj oilalarga yo‘naltirishdir. Shu bilan birga, tariflar oshgani sari mahalliy byudjetdan ajratiladigan subsidiyalar hajmi ham ko‘paymoqda.
2024 yilda bu maqsadlar uchun 1,97 trillion so‘m ajratilishi rejalashtirilgan. 2025 yilda esa subsidiya xarajatlari 2,71 trillion so‘mga yetishi kutilmoqda, bu o‘tgan yilga nisbatan 37,6 foizga ko‘pdir.
Demak, Toshkent byudjetining taxminan 28 foizi issiqlik ta’minoti subsidiya qilishga sarflanadi. Sevara Pardayeva so‘zlariga ko‘ra, tariflarni bosqichma-bosqich oshirish zarur choradir.
Agar har yili tariflarni oshirmasa, kelajakda narxlarni keskin va katta miqdorda oshirishga to‘g‘ri keladi. Shuning uchun hozirgi o‘zgarishlar uzoq muddatli barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan.