
O‘zbekistonda beshta kompaniya chet elda noqonuniy mehnat faoliyati bilan shug‘ullanganlik uchun jami 562,5 million so‘m jarimaga tortildi. Bu haqida Upl.uz xabar berdi.
Migratsiya agentligining ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu firmalar zarur litsenziyasiz faoliyat yuritgan. Wolrdvisa, Everyone Consult, Adworld Group, Rich Result va Ravon Consult Group kompaniyalarining har biri 112,5 million so‘m jarima to‘lashga majbur qilindi.
Kompaniya rahbarlariga nisbatan javobgarlik choralari ko‘rilib, ularga qarshi iqtisodiy sudlarda da’volar ochildi. Ma’lum bo‘lishicha, ushbu tashkilotlar fuqarolardan maslahat xizmatlari nomi ostida pul yig‘ib, amaliy ish bilan ta’minlamagan.
Ular o‘z xizmatlarini ijtimoiy tarmoqlarda faol targ‘ib qilgan. Migratsiya agentligi fuqarolarga ogohlikni oshirishni va litsenziyasiz tashkilotlar orqali ish izlash jiddiy moliyaviy hamda huquqiy muammolarga olib kelishi mumkinligini eslatadi.
Shuning uchun, mehnat faoliyatini tashkil qilishda faqat rasmiy va litsenziyaga ega tashkilotlarga murojaat qilish tavsiya etiladi.