
Rossiya Federal tibbiyot-biologik agentligi (FTBA) yangi mRNK vaksinasining saraton kasalligiga qarshi zarur tadqiqotlarini yakunlab, uni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun hujjatlarni taqdim etdi. Bu haqida Upl.uz xabar berdi.
Bu esa vaksinaning klinik qo‘llanilishiga yo‘l ochmoqda. Agentlik rahbari Veronika Skvortsova yaqinda “Izvestiya” nashriga bergan intervyusida shunday ma’lumot berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, “Enteromiks” nomli preparatni qo‘llash uchun ruxsat olish hujjatlari 2025-yilning yoz oxirida Sog‘liqni saqlash vazirligiga topshirilgan. Bu jarayon klinikadan oldingi uzoq sinovlardan so‘ng amalga oshirildi va ular preparatning xavfsizligi hamda samaradorligini tasdiqladi.
Ushbu vaksinani ishlab chiqish shaxsiylashtirilgan dori vositalarini yaratish bo‘yicha kengroq tashabbusning bir qismi hisoblanadi. mRNK texnologiyasi asosida yaratilgan preparat har bir bemor uchun o‘ziga xos bo‘lgan o‘sma hujayralarining xususiyatlariga moslashtirilgan vaksina yaratishni nazarda tutadi.
Tadqiqotlarda hayvonlarda, xususan ichak adenokarsinomasi bilan og‘rigan modellar ustida sinovlar o‘tkazildi. Natijalar shuni ko‘rsatdiki, preparat o‘smaning o‘sishini sekinlashtirishi bilan birga uning hajmini 75-80 foizga kamaytirgan.
Veronika Skvortsova ta’kidlaganidek, ushbu vaksina bo‘yicha uch yillik tadqiqotlar muvaffaqiyatli yakunlandi va yaqin kelajakda regulyatorning tasdig‘idan so‘ng bemorlarda qo‘llanishi rejalashtirilmoqda. Dastlab kolorektal saraton kasalligiga chalingan bemorlar ushbu terapiyaga kirishadi, keyinchalik esa melanoma va glioblastoma kabi miyadagi eng agressiv o‘smalar uchun moslashtiriladi.
Saraton kasalliklari sohasidagi yutuqlarga parallel ravishda Rossiya neyroproteziya bo‘yicha ham katta muvaffaqiyatlarga erishmoqda. Veronika Skvortsova mikroelektrodlarni nerv uchlariga implantatsiya qilish orqali protezlarni sezgir qilish bo‘yicha ishlar amalga oshirilayotganini qayd etdi.
Bu yo‘nalish FTBAning Miya va neyrotexnologiyalar markazi bilan “Motorika” kompaniyasi hamkorligida rivojlantirilmoqda. Mazkur markaz jahon miqyosida ilmiy markaz maqomini olgan va tegishli grant bilan ta’minlangan.
Jarayon bir necha bosqichdan iborat bo‘lib, fantom og‘riqlarni bartaraf etishdan tortib, virtual haqiqat yordamida protezlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni sezgir qilishgacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi. Ushbu texnologiyalarga kengroq kirishni ta’minlash maqsadida maxsus tibbiyot muassasalari tarmog‘i tashkil etilishi rejalashtirilmoqda.
2027-yilgacha mamlakatning turli hududlarida, jumladan Primorskiy kraida o‘nta yangi protez va reabilitatsiya markazlari ochilishi nazarda tutilgan. Ularda Moskva yaqinidagi Goluboye qishlog‘ida faoliyat yuritayotgan birinchi markaz modeli asos bo‘ladi.
Yangi rus vaksinasi uchun asos bo‘lgan mRNK texnologiyasi COVID-19 pandemiyasi davrida jahon miqyosida tanildi. Biroq uning saraton kasalliklarini davolashdagi imkoniyatlari olimlar tomonidan o‘nlab yillar davomida o‘rganib kelindi.
1990-yillarning o‘rtalarida sichqonlarda mRNK yordamida saraton hujayralariga qarshi immun javobni keltirib chiqarish bo‘yicha birinchi muvaffaqiyatli tajribalar o‘tkazilgan edi.