
Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmatining xabar berishicha, bojxonadan yashirilgan 143 ta smartfon aniqlangan. Bu haqida Upl.uz xabar berdi.
Toshkent viloyati bojxona boshqarmasining kontrabanda bilan kurashish bo‘limi xodimlari, Davlat xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlari va “Yallama” chegara bojxona posti xodimlari bilan hamkorlikda Qozog‘istondan O‘zbekistonga kirayotgan yuk avtomashinasi qo‘shimcha tekshiruvdan o‘tkazilgan. Ma’lum bo‘lishicha, yuk mashinasi shaxsiy mulkka tegishli bo‘lgan.
Tekshiruv davomida yuk bo‘limida bir nechta qutilar yashirilgani aniqlandi va ularning ichida turli xil mobil telefonlar borligi aniqlangan. Jami 143 ta mobil qurilma topilib, bojxona nazoratidan yashirilganligi uchun olib qo‘yilgan.
Ushbu mobil telefonlarning umumiy qiymati 512 million so‘mga teng. Har bir telefon alohida polietilen qopga solingan va havo pufakchali himoya plyonkasiga o‘ralgan bo‘lib, ishlab chiqaruvchi tomonidan berilgan qadoqlash va hujjatlarsiz bo‘lgan.
Mazkur holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergov harakatlari olib borilmoqda.