
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Departament matbuot xizmati tomonidan ma’lum qilinishicha, sifatiga shubha tug‘diradigan dori vositalarining noqonuniy savdosi oldi olindi. Bu haqida Upl.uz xabar berdi.
Qarshi tuman bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan maxsus tezkor tadbirda, Qarshi tumanidagi “Bog‘obod” mahallasida yashovchi er-xotin noqonuniy dori vositalarini sotish bilan shug‘ullanganligi aniqlandi. Ularning yashash joyida butunlay dori vositalari ombori aniqlanib, jami 94 turdagi 3920 dona dori vositalari va tibbiyot buyumlari musodara qilindi.
Musodara qilingan mahsulotlarning umumiy qiymati 210,6 million so‘mni tashkil etdi. Ushbu dori vositalari va tibbiyot buyumlari tegishli hujjatlarsiz bo‘lib, ularning kelib chiqishi va sifati tasdiqlanmagan edi.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining “Sifatiga shubha tug‘diradigan yoki soxtalashtirilgan dori vositalarini ishlab chiqarish, sotib olish, saqlash, tashish yoki sotish, dorixona va ularning filiallaridan tashqarida dori vositalarini sotish hamda retsept bo‘yicha kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni o‘z ichiga olgan dori vositalarini chakana savdo qoidalarini buzish” moddasiga asosan jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov organlari musodara qilingan dori vositalari yetkazib beruvchisini va jinoyatga aloqador boshqa shaxslarni aniqlash bo‘yicha ish olib bormoqda.