
Xorazm viloyati hududida joylashgan “N.A.R.” fermer xo‘jaligida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holati aniqlanib, bu haqda Uzenergoinspektsiya matbuot xizmati ma’lum qildi. Bu haqida Upl.uz xabar berdi.
Xorazm viloyati Uzenergoinspektsiyasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tekshiruv jarayonida fermer tomonidan ikki dona suv nasosi elektr tarmog‘iga ruxsatsiz ulanganligi aniqlangan. Ushbu nasoslar sug‘orish maqsadida ishlatilgan bo‘lib, ular elektr hisoblagichni chetlab o‘tgan holda faoliyat ko‘rsatgan.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, bu noqonuniy harakat natijasida energiya ta’minoti tashkilotiga jami 963 million so‘mlik moddiy zarar yetkazilgan. Hozirda barcha to‘plangan hujjatlar va dalillar tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshirilgan.
Mazkur holat bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda. Noqonuniy harakatda gumon qilingan shaxsga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining “O‘g‘rilik” moddasiga muvofiq jinoiy javobgarlik qo‘llanilishi mumkin.