
Leningrad viloyati, Kirov tumani huquqni muhofaza qilish organlari Otrodnoy shahrida mulkka qasddan zarar yetkazish holati bo‘yicha asosiy gumondor sifatida 29 yoshli O‘zbekiston fuqarosini qo‘lga olishgani haqida ma’lum qilishdi. Bu haqida Upl.uz xabar berdi.
Hodisa 7 iyul kuni kechqurun soat 22:00 dan 23:00 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida 8-liniya ko‘chasidagi xususiy uy hududida sodir bo‘lgan. Gumondor hech qanday to‘sqinliklarsiz xususiy yerga kirib, xo‘jalik binosini yondirganligi aniqlangan.
Yong‘in oqibatida zarar ko‘rgan bino egasi, 40 yoshli Otrodnoy shahri aholisi, politsiyaga murojaat qilgan. U hozirda ish bilan band emas.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, yong‘in natijasida 115 ming rubl miqdorida moddiy zarar yetkazilgan. Ushbu holat yuzasidan jinoyat ishi ochilgan va tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
9 iyul kuni politsiya xodimlari gumondorning shaxsini aniqlab, uni qo‘lga oldi. U O‘zbekiston fuqarosi bo‘lib, vaqtincha Repino qishlog‘ida yashagan.
Migratsiya xizmatining ma’lumotlariga ko‘ra, u 2024 yil aprel oyida Rossiya hududiga mehnat faoliyati maqsadida kirgan, ammo qo‘lga olingan paytda rasmiy ish bilan band emas edi. Gumondor migratsion hisobda rasmiy tartibda turadi.
Hozirda ushlangan shaxs protsessual qoidalarga muvofiq vaqtinchalik hibsga olingan. Tergov jarayonida jinoyatning sabablari va barcha holatlar aniqlanmoqda.
Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi statistik ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatdagi yong‘inlarning uchdan bir qismi ehtiyotsiz harakatlar sabab yuzaga keladi, biroq qasddan yong‘in qo‘yish holatlari umumiy yong‘inlarning 10-12 foizini tashkil etadi va ularning aniqlanish darajasi huquqni muhofaza qiluvchi organlar samaradorligining muhim ko‘rsatkichidir.