
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahridagi bir xususiy bolalar bog‘chasida sodir bo‘lgan voqea aks etgan video keng tarqaldi va keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Bu haqida Upl.uz xabar berdi.
Videoda bog‘cha tarbiyachisi jazolash maqsadida xato qilgan bolalarni qo‘llarini ko‘targan holda devorga turishtirayotgani ko‘rinadi. Ushbu holat poytaxtning Yakkasaroy tumanidagi xususiy maktabgacha ta’lim muassasasida yuz berdi.
Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi matbuot xizmati ushbu holatga tezkor munosabat bildirdi. Ma’lum bo‘lishicha, voqea 7 iyul kuni tushlik paytida “Karyera obrazovaniya” nomli nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasida sodir bo‘lgan.
Bog‘cha ma’muriyati bergan izohga ko‘ra, voqea paytida tarbiyachi tayyorlov guruhidan bir bolani oziqlantirmoqda edi, u bolani o‘z-o‘zidan ovqatlanish qiyin edi. Shu vaqtda boshqa bolalar ruxsatsiz oshxonani tark etgan.
Ularning xavfsizligini ta’minlash va holatni nazorat qilish maqsadida tarbiyachi bolalarni devor bo‘yida chiziqqa turib, 2-3 daqiqa kuzatuv ostida ushlab turgan. Voqea yuzasidan bog‘cha ma’muriyati tayyorlov guruhi tarbiyachisi N.
A.dan tushuntirish so‘radi. Shuningdek, barcha tarbiyachilar va xodimlar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilib, bunday holatlarning takrorlanmasligi haqida ogohlantirish berildi.
Ushbu ishlar bolalarning huquqlari va xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar doirasida amalga oshirilmoqda.