O‘zbekistonda Abu Ali ibn Sino tavalludining 1050 yilligi munosabati bilan xalqaro mukofot ta’sis etiladi

O‘zbekistonda buyuk alloma Abu Ali ibn Sino tavalludining 1050 yilligi munosabati bilan «Ibn Sino» xalqaro mukofotini ta’sis etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda One.uz xabar beradi.
Bu qaror 19 oktyabr kuni qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining 575-sonli hujjatida rasmiylashtirilgan. Qaror bilan 2030 yilga mo‘ljallangan yubileyga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha batafsil chora-tadbirlar rejasi — «yo‘l xaritasi» tasdiqlangan.
Ilmiy-tanqidiy tadqiqotlar va nashrlar Reja doirasida 2026 yil oktyabr oyida Toshkent shahrida «Ibn Sino — G‘arb va Sharq falsafiy tafakkurining buyuk namoyandasi» mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkaziladi. Oliy tibbiy ta’lim muassasalari, ilmiy markazlar, kutubxonalar va davolash-profilaktika muassasalarida ilmiy-amaliy anjumanlar, ko‘rgazmalar va ochiq ma’ruzalar tashkil etiladi.
Xorijiy mamlakatlarga ilmiy ekspeditsiyalar uyushtirilib, chet ellarda saqlanayotgan Ibn Sino qo‘lyozmalari jamlanadi. Allomaning «Mo‘jaz al-Qonun», «Qonuncha», «Al-Ishorat va at-tanbihot», «Donishnoma», «Kitob ash-Shifo» va «Sharq falsafasi» kabi buyuk asarlari o‘zbek tiliga tarjima qilinib, ularning bosma hamda elektron nashrlari tayyorlanmoqda.
Yangi ilmiy-tadqiqot markazi Hujjatda Buxoro davlat tibbiyot instituti huzurida davlat muassasasi shaklida Abu Ali ibn Sino ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish to‘g‘risidagi taklif ma’qullangan. Markaz alloma tibbiy merosini chuqur o‘rganish, tadqiqot natijalarini zamonaviy tibbiyot amaliyotida qo‘llash, asarlar va qo‘lyozmalar to‘plamini shakllantirish va ularni o‘zbek tiliga tarjima qilish bilan shug‘ullanadi.
Qo‘lyozmalarning yagona elektron platformasini yaratish, tibbiyot xodimlari va tarixi bilan qiziquvchilar uchun o‘quv kurslari hamda mahorat darslarini tashkil etish ham markazning asosiy vazifalariga kiradi. Markaz faoliyati institutning budjetdan tashqari mablag‘lari, xalqaro moliya institutlari grantlari, pulli xizmatlardan tushadigan daromadlar, homiylik xayriyalari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.





