Toshkentda «Golden Globes Silk Road Tribute Gala» marosimi o‘tkazildi

2026 yil 23–24 oktyabr kunlari Toshkentda "Golden Globes Silk Road Tribute Gala" xalqaro marosimi birinchi marta o‘tkazildi. Bu haqda One.uz xabar beradi.
Tadbir Markaziy Osiyo va Kavkaz mamlakatlari kino va televideniye vakillarining ijodiy yutuqlarini e’tirof etish uchun tashkil etilgan. Bu haqda Golden Globes tashkilotining rasmiy saytida ma’lum qilindi.
Marosimda O‘zbekiston, Ozarbayjon, Gruziya, Qozog‘iston va Armanistondan jami olti nafar san’atkor mukofotlandi. Ular orasida o‘zbek aktrisa Gulchehra Jamilova va rejissyor Ali Hamroyev ham bor edi.
Shuningdek, ozarbayjonlik ijodkor Tahmina Rafaella, gruziyalik rejissyor Levan Koguashvili, qozog‘istonlik aktrisa Shug‘ila Yeshen hamda armanistonlik aktyor Samvel Tadevosyan e’tirof etildi. Mukofot yo‘nalishlari Tashkilotchilar ma’lumotiga ko‘ra, mukofotlar uchta yo‘nalishda topshirildi: Meridian Award, Trailblazer Award va Beacon Award.
O‘zbekiston vakillari Gulchehra Jamilova va Ali Hamroyev Meridian mukofotiga loyiq topildi. Tadbir Ipak yo‘li hududining madaniy merosi va ijodiy salohiyatini xalqaro maydonda namoyish etish, mintaqa kinoijodkorlari o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish hamda Sharq va G‘arb o‘rtasidagi madaniy hamkorlikni mustahkamlashni maqsad qildi.
Marosim Golden Globes tashkiloti va Vivid Strategies hamkorligida o‘tkazildi. O‘zbekiston Madaniyat vazirligi tadbirni tashkil etishga yordam berdi.
"Golden Globes Silk Road Tribute Gala"ning Toshkentda o‘tkazilishi mamlakat kino va madaniyat sohasini xalqaro auditoriyaga tanitish hamda mintaqa ijodkorlari uchun yangi hamkorlik imkoniyatlarini yaratishga qaratilgan muhim tashabbuslardan biri bo‘ldi.





