Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha yagona davlat tizimi yaratiladi

O‘zbekistonda oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi, fitosanitariya va veterinariya sohalarida boshqaruv hamda nazorat tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan muhim Prezident farmoni qabul qilindi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Ushbu hujjat mamlakatda mahsulotni yetishtirishdan boshlab iste’molchiga yetkazib berishgacha bo‘lgan butun jarayonni yanada tartibli, shaffof va xalqaro standartlarga mos holda yo‘lga qo‘yishni nazarda tutadi. Islohotlarning asosiy maqsadi sohadagi tarqoq boshqaruvni birlashtirish va aholi salomatligini himoya qilishning ishonchli tizimini yaratishdir.
Farmonning eng muhim jihatlaridan biri soha mutasaddilari faoliyatidagi bir-birini takrorlovchi vazifalarni qisqartirish va yagona davlat boshqaruvi tizimini shakllantirishdan iborat. Endilikda oziq-ovqat xavfsizligi, veterinariya hamda o‘simliklar karantini nazoratida mas’uliyat chegaralari aniq belgilanadi.
Bu esa ortiqcha qog‘ozbozlikni kamaytirishga va qaror qabul qilish jarayonini sezilarli darajada soddalashtirishga xizmat qiladi. Davlat nazorati endi faqat tekshirishdan iborat bo‘lmay, balki tadbirkorlarga ko‘maklashishga ham yo‘naltiriladi.
Yangi tizim daladan dasturxongacha tamoyili asosida faoliyat yuritadi. Bu degani, mahsulot yetishtirilayotgan ilk bosqichdan boshlab, uni saqlash, tashish, qayta ishlash va sotishgacha bo‘lgan butun zanjir xavf tahlili asosida nazorat qilinadi.
Bunday zamonaviy yondashuv faqat muammo yuzaga kelganidan keyin chora ko‘rish emas, balki kutilishi mumkin bo‘lgan xavflarni oldindan aniqlash va ularning oldini olish imkonini beradi. Natijada bozorlarimizga sifatsiz mahsulotlar kirib kelishining yo‘li to‘siladi.
Shuningdek, farmonda amaldagi sanitariya qoidalarini xalqaro talablarga to‘liq moslashtirish vazifasi belgilangan. Xususan, milliy me’yorlar Alimentarius kodeksi standartlari, Butunjahon hayvonlar sog‘lig‘ini himoya qilish tashkiloti hamda O‘simliklar karantini va himoyasi bo‘yicha xalqaro konvensiya talablari bilan uyg‘unlashtiriladi.
Bu o‘zgarishlar O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning xalqaro bozorlarda munosib o‘rin egallashi va eksport salohiyatining oshishi uchun mustahkam poydevor bo‘ladi. Hujjatga muvofiq, amaldagi idoralar negizida Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi tashkil etiladi.
Shu bilan birga, Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzurida Chorvachilik va yaylov xo‘jaligini rivojlantirish agentligi ham ish boshlaydi. Tuzilmaviy o‘zgarishlar sohadagi mas’uliyatni bir markazga jamlash va nazorat sifatini yangi bosqichga ko‘tarishga qaratilgan.
2027-yildan boshlab esa ayrim nazorat funksiyalari bosqichma-bosqich xususiy sektorga o‘tkaziladi, bu esa sohada sog‘lom raqobat muhitini shakllantiradi. Bundan tashqari, yangi tashkil etilayotgan Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi instituti ilmiy tahlillar o‘tkazish, malakali kadrlar tayyorlash va xavflarni xolis baholash bilan shug‘ullanadi.
Tadbirkorlar uchun ham yengilliklar ko‘zda tutilgan bo‘lib, tovarlarni ko‘rikdan o‘tkazish va sertifikatlash jarayonlari raqamlashtirilgan holda, inson omilisiz amalga oshiriladi. Bu islohotlar pirovardida xalqimiz dasturxoniga sifatli va xavfsiz mahsulotlar yetib borishini kafolatlaydi.


