«Lokomotiv» Farg‘onada «Neftchi»ni 4:2 hisobida yutib yarimfinalga kirdi

O‘zbekiston kubogining chorakfinal bahslari kutilmagan natijalar va haqiqiy sensatsiyalarga boy bo‘ldi. Bu haqda One.uz xabar beradi.
Toshkentning «Lokomotiv» va «Andijon» jamoalari yorqin g‘alabalarni qo‘lga kiritib, musobaqaning yarimfinaliga yo‘l oldi. Ayniqsa, Farg‘onada amaldagi chempion «Neftchi»ning kubokdan erta xayrlashishi bahslarning eng katta shov-shuvi sifatida qayd etildi.
Farg‘onadagi gollar shousi Kunning asosiy va dramatik voqeasi Farg‘onada kechdi. Toshkentning «Lokomotiv» jamoasi safarda «Neftchi» mehmoni bo‘lib, haqiqiy gollar shousi namoyish etdi va raqibini 4:2 hisobida taslim etdi.
«Temiryo‘lchilar»ning dahshatli birinchi bo‘limi kuzatuvchilarni hayratga solib qoldi. «Lokomotiv» birinchi yarimda mezbonlar darvozasiga to‘rtta gol urdi.
Jasurbek Yaxshiboyev 11-daqiqada penaltini aniq bajarib hisobni ochgan bo‘lsa, 33-daqiqada dublini rasmiylashtirdi. Shuningdek, 23-daqiqada Tupliyev hamda 43-daqiqada Turopov farg‘onaliklar darvozasini ishg‘ol qilib, toshkentliklarning ustunligini mustahkamladi.
Mezbonlar safida 36-daqiqada G‘iyosov va 45+3-daqiqada Ismoilov hisobni qisqartirgan bo‘lsa-da, bu amaldagi chempionni mag‘lubiyatdan qutqarib qolish uchun kamlik qildi. Zomindagi «Andijon» g‘alabasi Jizzax viloyatining Zomin shahrida kechgan ikkinchi bahsda «Andijon» klubi «So‘g‘diyona» maydonida irodali g‘alabaga erishdi (2:1).
Ikkinchi bo‘limda andijonliklar bosimni oshirdi. 59-daqiqada Petar Michinning avtogoli evaziga mehmonlar oldinga chiqib olgan bo‘lsa, 80-daqiqada Martin Boake hisobni 2:0 ko‘rinishiga keltirdi.
Mezbonlar safida 84-daqiqada Sardor Jamolov bir to‘p kiritib, intrigani qaytardi, biroq «burgutlar» himoyasi bahs oxirigacha hisobni ushlab qolishga muvaffaq bo‘ldi. Shu tariqa, OKMK jamoasidan so‘ng «Lokomotiv» va «Andijon» ham O‘zbekiston kubogining yarimfinal bosqichi yo‘llanmasini rasmiylashtirdi.
Manba: One.uz





