Xitoylik olimlar yorug‘lik yordamida ma’lumot uzatuvchi yangi qurilma yaratdi

Janubiy Xitoy texnologiya universiteti professori Chjigo Sya boshchiligidagi xalqaro olimlar guruhi simsiz aloqa sohasida inqilobiy yangilik yaratdi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Tadqiqotchilar oq yoruglik yordamida ma’lumot uzatuvchi yangi turdagi foton qurilmasini ishlab chiqishdi. Foton lazerli dvigateli deb nomlangan ushbu ishlanma ulkan hajmdagi ma’lumotlarni rekord darajadagi masofaga, ya’ni bir kilometrdan uzoqroqqa uzatish imkonini beradi.
Mazkur texnologiya kuchli yoruglik oqimini ma’lumot uzatish kanaliga aylantiruvchi lazerli uzatkich tamoyili asosida ishlaydi. Hozirgi kunda amalda bo‘lgan ko‘rinadigan yoruglik orqali aloqa tizimlari o‘zining jiddiy kamchiliklariga ega.
Masalan, oddiy yoritgichli diodlar ma’lumotni faqat bir necha metr masofagacha yetkazib bera oladi. Yangi ixtiro esa diqqat markaziga yigilgan lazer nurlaridan foydalanish orqali ushbu muammoni bartaraf etadi.
Qurilmani yaratish jarayonida arzon va issiqlikka chidamli shaffof keramikadan foydalanilgan bo‘lib, u yuqori quvvatli nurlanish sharoitida ham o‘zining barqaror ish faoliyatini saqlab qoladi. Avvalgi qurilmalarning asosiy to‘sig‘i lazer ta’sirida materiallarning haddan tashqari qizib ketishi va parchalanishi edi.
Olimlar bu safar an’anaviy polimer va silikon moddalaridan voz kechib, lyutetsiy, kalsiy, magniy, alyuminiy va kremniy oksidlari asosida o‘ta mustahkam keramika ishlab chiqdilar. Material tarkibiga seriy ionlarining qo‘shilishi yoruglik xususiyatlarini aniq boshqarish imkonini berdi.
Natijada yangi turdagi keramika issiqlikni boshqa analoglariga qaraganda yigirma baravar samaraliroq chiqarib yuborish xususiyatiga ega bo‘ldi. Kelajakda ushbu texnologiya oltinchi avlod aloqa tarmoqlarining asosiy ustunlaridan biri bo‘lishi kutilmoqda.
Bunday tizimlar yer usti stansiyalari, sun’iy yo‘ldoshlar va havo platformalarini yagona tarmoqqa birlashtiradi. Bu esa okeanlar, keng cho‘llar va baland tog‘li hududlar kabi borish qiyin bo‘lgan joylarda ham uzluksiz aloqani ta’minlaydi.
Shuningdek, mazkur ishlanma real vaqt rejimida ishlovchi sun’iy intellekt tizimlari uchun ma’lumot uzatish tezligini sezilarli darajada oshiradi. Hozirgi vaqtda ushbu texnologiya tajriba va rivojlanish bosqichida turibdi.
Tadqiqotchilar kelgusida signal uzatish tezligini yanada oshirish uchun materiallarni takomillashtirishni rejalashtirmoqdalar. Shuningdek, lazerli aloqa kanallarini radioaloqa tarmoqlari bilan uyg‘unlashtirish hamda atrof-muhit sharoitlariga qarab signal quvvatini avtomatik ravishda moslashtiruvchi aqlli tizimlarni joriy etish ustida ish olib borilmoqda.
Ushbu yangilik kelajakda butun dunyo bo‘ylab simsiz internet va ma’lumot almashinuvi sifatini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqadi.





