Apple kompaniyasi ilk buklanuvchi smartfonini sentabrda taqdim etadi

Apple kompaniyasining joriy yilning 9-sentabriga belgilangan yillik anjumani texnologiya olamidagi eng muhim voqealardan biri bo‘lishi kutilmoqda. Bu haqda One.uz xabar beradi.
Mazkur tadbirda kompaniya o‘z tarixidagi ilk buklanuvchi smartfonni hamda yangilangan gadjetlar turkumini keng jamoatchilikka taqdim etishi rejalashtirilgan. Soha ekspertlarining ta’kidlashicha, ushbu yangilik Apple brendining mobil qurilmalar bozoridagi mavqeyini yanada mustahkamlab, foydalanuvchilarga mutlaqo yangicha tajriba taqdim etadi.
Buklanuvchi iPhone qurilmasining texnik imkoniyatlari Apple kompaniyasi buklanuvchi smartfonlar bozoriga raqobatchilaridan biroz kechroq kirib kelayotgan bo‘lsa-da, sifat va dizayn masalasiga alohida e’tibor qaratgan. Yangi qurilma yopiq holatda ixcham ko‘rinishga ega bo‘lib, ochilganda 7,8 dyuymli keng ekranga aylanadi.
Bu esa foydalanuvchiga smartfondan kichik hajmli planshet sifatida foydalanish imkonini beradi. Qurilmaning tashqi qismida esa 5,5 dyuymli qo‘shimcha displey joylashtirilishi kutilmoqda.
Muhandislar qurilmaning nafisligini saqlab qolish uchun ayrim texnik o‘zgarishlarni amalga oshirishgan. Masalan, korpus ichidagi joyni tejash maqsadida yuzni tanish tizimidan voz kechilib, barmoq izi skaneri yon tomondagi yoqish tugmasiga ko‘chirilgan.
Kamera tizimi ham biroz soddalashtirilib, asosiy va keng burchakli linzalar bilan cheklanilishi taxmin qilinmoqda. Eng muhim yutuqlardan biri shundaki, ekran markazidagi buklanish izi deyarli sezilmaydigan darajaga keltirilgan.
Narxlar va boshqa kutilayotgan yangiliklar Yangi texnologik ishlanma o‘ziga yarasha yuqori narxga ega bo‘lishi kutilmoqda. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, buklanuvchi iPhone narxi 2000 AQSh dollaridan yuqori bo‘lishi mumkin.
Bu narx oddiy smartfonlarga qaraganda qimmat bo‘lsa-da, kompaniyaning boshqa innovatsion mahsulotlari bilan solishtirganda raqobatbardosh hisoblanadi. Qurilma ko‘p vazifalilik rejimini to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi, ya’ni foydalanuvchilar ekranda bir vaqtning o‘zida bir nechta ilova bilan ishlashlari mumkin bo‘ladi.
Sentyabr oyidagi taqdimot faqatgina buklanuvchi telefon bilan cheklanib qolmaydi. Tadbir doirasida yangilangan simsiz quloqchinlar, aqlli karnaylar hamda kelgusi avlod smartfonlari haqida ham ma’lumot berilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, Apple o‘zining an’anaviy savdo strategiyasiga o‘zgartirish kiritib, eng kuchli va qimmat modellarni birinchi navbatda, standart modellarni esa biroz kechroq savdoga chiqarishi mumkinligi haqida taxminlar mavjud.





