AQSHda yirik kosmik yuklarni tashuvchi ulkan samolyot loyihasi taqdim etildi

Amerikaning Radia kompaniyasi aerokosmik sanoatidagi eng dolzarb muammolardan biri — o‘ta yirik hajmli yuklarni tashish masalasini hal etishga qaratilgan WindRunner loyihasini taqdim etdi. Bu haqda One.uz xabar beradi.
Ushbu ulkan transport samolyoti raketa bosqichlari, yirik sun’iy yo‘ldoshlar va qayta tiklanadigan kosmik apparatlarni qismlarga ajratmasdan, butun holicha belgilangan manzilga yetkazib berish uchun mo‘ljallangan. Yangi havo kemasi logistika zanjiridagi murakkabliklarni bartaraf etib, qimmatbaho texnologiyalarni zavoddan to‘g‘ridan-to‘g‘ri uchish maydonchasiga bir necha soat ichida yetkazish imkonini beradi.
Hozirgi kunda kosmik texnologiyalar hajmi muttasil ortib borayotgani sababli mavjud transport infratuzilmasi, jumladan, avtomobil yo‘llari va portlar jiddiy cheklovlarga duch kelmoqda. Natijada yirik tizimlarni zavodda bo‘laklarga ajratib, keyin dengiz yoki quruqlik yo‘llari orqali haftalab tashishga to‘g‘ri kelmoqda.
Bunday yondashuv nafaqat vaqt yo‘qotilishiga, balki ortiqcha xarajatlarga va nozik texnikaning shikastlanish xavfi ortishiga sabab bo‘ladi. Texnik imkoniyatlar va yuk tashish afzalliklari WindRunner loyihasi birinchi navbatda yukning og‘irligiga emas, balki uning hajmiga urg‘u bergan holda ishlab chiqilmoqda.
Samolyot konstruksiyasi to‘liq yig‘ilgan raketalar va ularning tezlatgichlarini o‘z bag‘riga sig‘dira oladi. Ishlab chiquvchilarning rejasiga ko‘ra, zavod, sinov markazi va kosmodrom orasidagi masofani bosib o‘tish muddati bir necha haftadan atigi bir necha soatga qisqaradi.
Katta hajmli obyektlarni qulay joylashtirish uchun samolyot ochiladigan burun qismi, pastda joylashgan yuk palubasi hamda maxsus yuk ko‘chirish tizimi bilan jihozlanadi. Shunga qaramay, mutaxassislar ushbu havo kemasi oddiy aerodrom jihozlari bilan mos kelishini ta’kidlamoqda.
Bu esa har bir manzil uchun alohida va qimmatbaho infratuzilma yaratish zaruratini yo‘qqa chiqaradi. Tuproqli yo‘laklarda harakatlanish va istiqbollar Mazkur ulkan transport vositasining asosiy o‘ziga xos xususiyatlaridan biri shundaki, u uzunligi taxminan 1800 metr bo‘lgan tuproqli uchish-qo‘nish yo‘laklaridan ham foydalana oladi.
Bu imkoniyat yirik hajmli yuklarni faqat yirik xalqaro aeroportlargagina emas, balki olisdagi kosmodromlar, yopiq sinov maydonchalari va vaqtinchalik bazalarga ham yetkazib berish imkonini beradi. Samolyot, shuningdek, ko‘p martalik raketalarga xizmat ko‘rsatishda ham muhim rol o‘ynashi kutilmoqda.
Agar raketa bosqichi asosiy kosmodromdan uzoq masofada qo‘nsa, WindRunner uni tezda olib ketib, keyingi uchishga tayyorlash uchun bazaga qaytarishi mumkin. Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, yuk bo‘linmasining o‘lchamlari hozirgi aviatsiya imkoniyatlaridan ikki baravar katta bo‘lgan sun’iy yo‘ldoshlarni tashishga qodir.
WindRunner mavjud harbiy-transport samolyotlari yoki quruqlikdagi logistikani butunlay almashtirish uchun mo‘ljallanmagan. Radia kompaniyasi uni zamonaviy aviatsiya uchun o‘ta ulkan hisoblangan maxsus yuklarni tashishga ixtisoslashgan vosita sifatida taqdim etmoqda.
Kelgusida mazkur loyiha ham tijorat, ham davlat kosmik dasturlari samaradorligini sezilarli darajada oshirishi kutilmoqda.





