Yangi iPhone 18 smartfonlari texnik imkoniyatlar sababli og'irlashadi

Apple kompaniyasi o‘zining kelgusi avlod flagman smartfonlarida qurilma vaznini kamaytirish strategiyasidan voz kechib, texnik imkoniyatlarni kengaytirishga e’tibor qaratmoqda. Bu haqda One.uz xabar beradi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, iPhone 18 turkumidagi modellar, xususan, iPhone 18 Pro Max o‘zidan oldingi avlodlarga qaraganda sezilarli darajada og‘irroq bo‘ladi. Mazkur o‘zgarish qurilmalarga o‘rnatiladigan yangi turdagi kameralar, kattaroq sig‘imli akkumulyatorlar va takomillashgan sovutish tizimlari bilan izohlanmoqda.
Yangi ma’lumotlarga ko‘ra, iPhone 18 Pro modelining vazni 211 grammni tashkil etishi kutilmoqda. Taqqoslash uchun keltiradigan bo‘lsak, iPhone 17 Pro qurilmasining og‘irligi 206 grammga teng.
So‘nggi yillardagi o‘zgarishlar dinamikasi shuni ko‘rsatadiki, iPhone 15 Pro modelidan 16 Pro talqiniga o‘tishda vazn 12 grammga, keyingi bosqichda esa yana 7 grammga oshgan edi. iPhone 17 Pro va kelgusi 18 Pro modellari orasidagi 5 grammlik farq kundalik foydalanishda foydalanuvchi uchun deyarli sezilmasligi mumkin.
iPhone 18 Pro Max vaznidagi keskin o‘sish Biroq turkumning eng yirik va kuchli vakili bo‘lgan Pro Max versiyasida vazn o‘zgarishi ancha jiddiy tus oladi. iPhone 18 Pro Max modelining og‘irligi kutilmaganda 233 grammdan 249 grammgacha ko‘tarilishi taxmin qilinmoqda.
Bu bir yo‘la 16 grammlik keskin o‘sishni anglatadi va so‘nggi yillardagi eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. Hatto o‘z davrining eng og‘ir qurilmalaridan biri bo‘lgan iPhone 14 Pro Max ham 240 gramm tosh bosganini hisobga olsak, yangi flagman rekord darajadagi vaznga ega bo‘ladi.
Shuningdek, tarqalgan ma’lumotlarda yangi va sirli iPhone Duo qurilmasi haqida ham so‘z boradi. Ushbu modelning vazni 254 gramm bo‘lishi aytilmoqda.
Qizig‘i shundaki, korpusi ancha yupqa bo‘lishiga qaramasdan, mazkur qurilma taqdim etiladigan barcha modellar orasida eng og‘iri bo‘lishi mumkin. Bu esa kompaniyaning ixchamlik va yengillik o‘rniga yuqori unumdorlikka urg‘u berayotganidan dalolat beradi.
Vazn oshishining asosiy texnik sabablari Mutaxassislarning fikricha, o‘n sakkizinchi avlod smartfonlarining og‘irlashuvi bir nechta muhim texnik yangilanishlar bilan bevosita bog‘liq. Avvalo, muhandislar qurilmalarning ishlash vaqtini uzaytirish maqsadida kattalashtirilgan akkumulyatorlar o‘rnatishni rejalashtirmoqda.
Shu bilan birga, yuqori quvvatda ishlash jarayonida qizib ketishning oldini olish uchun samaraliroq sovutish tizimi, ya’ni maxsus bug‘lanish kameralari joriy etiladi. Yana bir asosiy sabab sifatida o‘zgaruvchan diafragma texnologiyasiga ega mutlaqo yangi kamera moduli ko‘rsatilmoqda.
Ushbu ilg‘or optik tizim smartfon yordamida professional darajadagi suratlarni olish imkonini beradi. Biroq bunday murakkab komponentlarning qo‘shilishi qurilmaning umumiy massasiga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmaydi.
Natijada, foydalanuvchilar yuqori texnologik imkoniyatlar evaziga biroz og‘irroq qurilmadan foydalanishlariga to‘g‘ri keladi.





