Daydream ilovasi iPhone foydalanuvchilari uchun yangi qulayliklar yaratdi

Suniy intellekt texnologiyalariga asoslangan Daydream moda platformasi iPhone foydalanuvchilari uchun xarid jarayonini tubdan osonlashtiruvchi ikkita yangi funksiyani taqdim etdi. Bu haqda One.uz xabar beradi.
Endilikda ushbu ilova yordamida telefon galereyasidagi suratlardan kiyim-kechaklarni qidirish va Siri ovozli yordamchisi orqali buyurtma berish imkoniyati mavjud. Apple kompaniyasining eng soʻnggi dasturiy ishlanmalari negizida yaratilgan ushbu yangilanishlar foydalanuvchilarga kundalik kiyim tanlash va sotib olishda yuqori qulaylik yaratishni koʻzda tutadi.
TechCrunch nashrining xabar berishicha, ushbu imkoniyatlardan foydalanish uchun qurilmada tegishli operatsion tizim talab qilinadi hamda Siri yordamchisi faol holatda boʻlishi lozim. iOS tizimi uchun bepul taqdim etilayotgan Daydream ilovasi oʻzining yoʻnaltirilgan funksiyalari bilan bozordagi boshqa oʻxshash dasturlardan sezilarli darajada ajralib turadi.
Tasvirlar va ovoz orqali aqlli qidiruv Birinchi yangilik Apple kompaniyasining tasvirlarni tahlil qilish imkoniyatlariga tayanadi. Foydalanuvchilar oʻzlarining suratlar galereyasida saqlangan rasmlar orqali kiyim-kechaklarni qidirishlari mumkin.
Masalan, ijtimoiy tarmoqlardan olingan skrinshot ilovaga yuklanganda, tizim suratlardagi sviter, shim, poyabzal yoki aksessuarlarni alohida boʻlaklarga ajratib tahlil qiladi. Dastur oʻzining 3 milliondan ortiq mahsulotni oʻz ichiga olgan maʼlumotlar bazasi yordamida aynan oʻsha kiyimni sotuvchi doʻkonni topib beradi.
Agar aynan oʻsha mahsulot sotuvda mavjud boʻlmasa, tizim unga oʻxshash muqobil variantlarni taklif etadi. Shuningdek, foydalanuvchilar qidiruv jarayonida kiyimning rangi yoki uslubiga oʻzgartirish kiritish boʻyicha qoʻshimcha soʻrovlar yuborishlari ham mumkin.
Siri integratsiyasi va shaxsiy yondashuv Ikkinchi muhim yangilik Siri ovozli yordamchisi bilan integratsiya qilinganidir. Bunda foydalanuvchi ilovani qoʻlda ochib oʻtirmasdan, shunchaki ovozli buyruq orqali qidiruvni amalga oshirishi mumkin.
Masalan, muhim uchrashuv yoki tadbir uchun mos kiyim tanlashni ovoz orqali soʻrash imkoniyati yaratilgan. Bu esa vaqtni tejash va texnologiyalar bilan muloqotni tabiiyroq qilishga xizmat qiladi.
Daydream rahbariyatining taʼkidlashicha, agar foydalanuvchi ilovadagi shaxsiy sahifasida oʻzining oʻlchamlari, yoqtirgan brendlari va byudjeti haqidagi maʼlumotlarni koʻrsatgan boʻlsa, tizim yanada aniqroq natijalarni taqdim etadi. Hozirgi kunda koʻplab yirik texnologik kompaniyalar sunʼiy intellekt asosidagi xarid vositalarini rivojlantirmoqda, biroq Daydream mutaxassislari moda sohasidagi chuqur tajriba va sifatli brendlar bilan ishlash ularning asosiy ustunligi ekanini qayd etishmoqda.





