NASA teleskopi yoqilg'i tejalgani sababli kutilganidan uzoqroq ishlaydi

NASA agentligining yangi Nancy Grace Roman kosmik teleskopi loyihada ko‘zda tutilganidan salkam ikki baravar uzoqroq muddat faoliyat yuritishi kutilmoqda. Bu haqda One.uz xabar beradi.
Qurilmani koinotga olib chiquvchi raketa o‘ta yuqori aniqlikda harakatlangani sababli, zaxiradagi yoqilg‘i hajmi kutilganidan ancha ko‘p tejalib qoldi. Bu holat teleskopning ilmiy xizmat muddatini 22 yilgacha uzaytirish imkonini berdi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, traektoriya bo‘ylab harakatlanishda yoqilg‘ining bunday iqtisod qilinishi koinot tadqiqotlari tarixidagi eng samarali ko‘rsatkichlardan biri bo‘ldi. Mukammal uchirish natijasi Joriy yilning 30-avgust kuni SpaceX Falcon Heavy raketa tashuvchisi yordamida koinotga muvaffaqiyatli chiqarilgan Roman teleskopi ayni paytda Yer va Quyosh tizimining ikkinchi Lagranj nuqtasi yaqinidagi ishchi hudud tomon harakatlanmoqda.
Ushbu nuqta sayyoramizdan taxminan 1,6 million kilometr masofada joylashgan bo‘lib, u yerda ilmiy kuzatuvlar olib borish uchun eng qulay sharoitlar mavjud. Teleskop u yerda koinotning kengayishi va qorong‘u energiya sirlarini o‘rganish bilan shug‘ullanadi.
Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, xizmat muddatining keskin oshishiga asosiy sabab uchirish jarayonining o‘ta aniq bajarilgani bo‘ldi. Traektoriyani birinchi yirik tuzatish amaliyoti uchun teleskop atigi 18 kilogramm yoqilg‘i sarflagan.
Vaholanki, loyihani rejalashtirish bosqichida ushbu manevr uchun 200 kilogrammgacha yoqilg‘i ajratilishi taxmin qilingan edi. Natijada qo‘shimcha resurslarning salmoqli qismi kelajakdagi ilmiy ishlar uchun to‘laligicha saqlanib qoldi.
Konstruksiyadagi yengillik va yoqilg‘i zaxirasi Teleskopning jismoniy vazni ham muhim omil bo‘lib xizmat qildi. Yoqilg‘isiz holdagi qurilma loyihada belgilangan maksimal ruxsat etilgan me’yordan qariyb ikki tonna yengilroq bo‘lib chiqdi.
Bu esa uchirish oldidan to‘rtta yonilg‘i bakini to‘liq to‘ldirib, taxminan 1100 kilogramm yoqilg‘i yuklash imkonini berdi. Shu tariqa, apparatning umumiy boshlang‘ich massasi 9173,5 kilogrammni tashkil etdi.
Hatto baklar maksimal darajada to‘ldirilgan bo‘lsa ham, teleskop belgilangan cheklovdan yarim tonna yengilroq holda koinotga yo‘l oldi. Dastlab NASA asosiy ilmiy dasturni besh yil va yana shuncha muddatga uzaytirish imkoniyatini hisobga olgan holda yoqilg‘i zaxiralarini rejalashtirgan edi.
Endilikda uchirilgandan keyingi amaldagi ko‘rsatkichlar, agar boshqa texnik tizimlar ish qobiliyatini yo‘qotmasa, kamida 22 yillik faoliyatga tayanishga asos bermoqda. Bu vaqt davomida teleskop koinotning eng chekka nuqtalarini suratga olishi va minglab yangi sayyoralarni kashf etishi kutilmoqda.
Sentyabr oyida traektoriyani yana bir bor tuzatish ishlari, dekabr oyining boshida esa ishchi orbitaga yakuniy chiqish amaliyoti rejalashtirilgan. NASA bergan dastlabki baholarga ko‘ra, ushbu jarayonlar ham kutilganidan kamroq yoqilg‘i talab qiladi.
Ishchi orbitaga o‘rnashib olgach, Roman teleskopining dvigatellari nafaqat yo‘nalishni to‘g‘rilash, balki har 28 kunda qurilma holatini barqaror saqlash uchun xizmat qiladi. Shunisi e’tiborliki, loyihalash bosqichidayoq koinotda avtomatik ravishda yonilg‘i quyish imkoniyati ham ko‘zda tutilgan bo‘lib, teleskop maxsus tutqichlar va masofadan ochiladigan issiqlik izolyatsiyasi bilan jihozlangan.





