Hindiston dunyodagi eng yirik raqamli to'lov tizimiga ega mamlakatga aylandi

Hindiston bugungi kunda dunyodagi eng yirik naqdsiz hisob-kitob tizimiga ega mamlakatga aylandi. Bu haqda One.uz xabar beradi.
Mamlakatning eng gavjum ko‘chalaridagi kichik choyxonalardan tortib, yirik savdo majmualarigacha bo‘lgan barcha joylarda to‘lovlar smartfon orqali, QR-kodlarni skanerlash yo‘li bilan amalga oshirilmoqda. Ushbu raqamli inqilobning asosiy harakatlantiruvchi kuchi Hindiston Milliy to‘lovlar korporatsiyasi (NPCI) tomonidan ishlab chiqilgan yagona to‘lov interfeysi (UPI) tizimidir.
Hozirda dunyo bo‘ylab banklar ishtirokida amalga oshiriladigan barcha tezkor to‘lovlarning qariyb yarmi aynan Hindiston hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Raqamli poydevorning to‘rt ustuni Hindistonning ushbu muvaffaqiyati tizimli yondashuv natijasidir.
Uning negizida to‘rtta asosiy infratuzilma qatlami yotibdi. Birinchidan, "Aadhaar" deb nomlanuvchi biometrik identifikatsiya tizimi orqali 1,44 milliard fuqaro elektron hisobga olingan.
Bu aholining katta qismiga rasmiy bank xizmatlaridan foydalanish imkonini berdi. Ikkinchidan, qog‘ozsiz hujjat aylanishi tizimi joriy etilib, milliardlab rasmiy hujjatlar raqamlashtirildi.
Bu fuqarolarga ortiqcha qog‘ozbozliksiz bank va davlat xizmatlaridan foydalanish qulayligini yaratdi. Uchinchi muhim omil — UPI va RuPay kabi milliy to‘lov tarmoqlarining yaratilishidir.
Ushbu tizimlar turli banklar va moliyaviy texnologiya ilovalarini yagona zanjirga bog‘lab, to‘lovlarni tezkor va arzon amalga oshirishni ta’minladi. Nihoyat, mamlakatda mobil internet narxining o‘ta arzonligi va aloqa vositalarining ommaviyligi raqamli xizmatlarning chekka hududlargacha yetib borishiga xizmat qildi.
Hozirda Hindistonda bir gigabayt mobil internet narxi dunyodagi eng past ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi. Misli ko‘rilmagan o‘sish va shaffoflik NPCI ma’lumotlariga ko‘ra, tizim orqali amalga oshirilayotgan operatsiyalar ko‘lami hayratlanarli darajadadir.
Har oyda 24,5 milliarddan ortiq tranzaksiya qayta ishlanib, kunlik to‘lovlar soni bir milliarddan oshib ketdi. 2021-yilda raqamli to‘lovlar mamlakat yalpi ichki mahsulotining 18 foizini tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunda bu ko‘rsatkich 87 foizga yetdi.
Bu raqamlar Hindiston iqtisodiyotining naqadar tez sur’atlar bilan raqamli relslarga o‘tayotganidan dalolat beradi. Tizimning eng o‘ziga xos jihati shundaki, u foyda olishni ko‘zlamaydigan tashkilot tomonidan boshqariladi.
Xususiy to‘lov ilovalari foydalanuvchilarning mablag‘larini o‘z balansida saqlamaydi, balki faqat qulay interfeys vazifasini bajaradi. Mablag‘lar bir soniya ichida to‘g‘ridan-to‘g‘ri bank hisob raqamlari o‘rtasida aylanadi.
Bunday model nafaqat xavfsizlikni ta’minlaydi, balki bozorda erkin raqobat muhitini yaratib, ortiqcha vositachilik haqlaridan voz kechish imkonini beradi. Hindiston ushbu noyob tajribani endilikda xalqaro maydonda boshqa hamkor davlatlar bilan bo‘lishishga tayyorligini bildirmoqda.





