Yevropa Ittifoqi koinotni tadqiq etish bo‘yicha yangi strategiyasini e’lon qildi

Yevropa Ittifoqi koinotni tadqiq etish va orbital parvozlar sonini sezilarli darajada oshirish bo‘yicha yangi strategiyasini e’lon qildi. Bu haqda One.uz xabar beradi.
Mazkur reja mintaqaning kosmik infratuzilmasini kengaytirish va xalqaro maydondagi raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan. Hozirgi vaqtda Yevropa bu sohada AQSh va Xitoydan sezilarli darajada ortda qolmoqda, shu sababli kelgusi o‘n yillikda parvozlar sonini olti baravarga ko‘paytirish ko‘zda tutilgan.
Yevropaning mudofaa va koinot masalalari bo‘yicha mas’ul vakili Andrius Kubiliusning ma’lum qilishicha, 2034-yilga borib mintaqaning koinotga chiqish ehtiyoji keskin ortadi. Prognozlarga ko‘ra, o‘sha vaqtga kelib yiliga kamida 62 ta kosmik parvozni amalga oshirish zaruriyati tug‘iladi.
Bu ko‘rsatkich hozirgi imkoniyatlardan ancha yuqori bo‘lib, sohada tub islohotlar o‘tkazishni taqozo etadi. Kosmik loyihalar va yangi maydonchalar Mazkur parvozlar asosan Galileo navigatsiya tizimi va Yer yuzini kuzatuvchi Copernicus dasturini rivojlantirish uchun xizmat qiladi.
Shuningdek, xavfsiz aloqa tarmoqlarini yaratish va hukumat ehtiyojlari uchun mo‘ljallangan sun’iy yo‘ldoshlarni orbitaga chiqarish asosiy vazifa etib belgilangan. Hozirda Yevropaning asosiy tayanchi Ariane 6 raketasi bo‘lib, uning yillik parvozlar sonini 14 taga yetkazish rejalashtirilgan.
Biroq, mutaxassislar bu miqdor ortib borayotgan ehtiyojlarni qoplash uchun yetarli emasligini ta’kidlamoqda. Shu sababli Yevropa Ittifoqi faqat bitta kosmodromga bog‘lanib qolmasdan, tarqoq start maydonchalari tarmog‘ini yaratishni maqsad qilgan.
Kelgusida Norvegiya va Shotlandiyadagi mavjud infratuzilmalardan foydalanish, shuningdek, Portugaliyaning Azor orollarida yangi imkoniyatlarni ishga solish ko‘zda tutilgan. Hatto Kanada ham bu borada potensial hamkor sifatida ko‘rib chiqilmoqda.
Qayd etish joizki, ushbu hududlarning bir qismi Ittifoq tarkibiga kirmasa-da, Yevropa kosmik agentligi doirasida yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Xalqaro maydondagi raqobat Parvozlar geografiyasini kengaytirish Yevropaga bir nechta markazlarga bo‘lgan qaramlikni kamaytirish va sun’iy yo‘ldoshlar guruhini boshqarishda moslashuvchanlikni ta’minlash imkonini beradi.
Ammo belgilangan marralarga erishish uchun nafaqat uchirish maydonchalarini, balki raketa ishlab chiqarish quvvatlarini ham bir necha barobar oshirish talab etiladi. Bu esa sohadagi xususiy sektor va davlat korxonalari o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishni anglatadi.
Shunga qaramay, Yevropa o‘z oldiga qo‘ygan ulkan maqsadlar ham uni jahon yetakchilari darajasiga olib chiqishi qiyin kechadi. Masalan, Yevropa yiliga 62 ta parvozni maqsad qilgan bir paytda, AQSh 2035-yilga borib yiliga 10 000 ta kosmik missiyani amalga oshirishni rejalashtirmoqda.
Bunday katta farq Yevropadan koinot sohasida yanada dadil va innovatsion qadamlar tashlashni talab qiladi.





