O'zbekistonlik talabalar uchun Google Gemini xizmatidan bepul foydalanish imkoniyati yaratildi

O‘zbekistonlik talabalar uchun sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish bo‘yicha keng imkoniyatlar yaratildi. Bu haqda One.uz xabar beradi.
Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Google kompaniyasi o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra, mamlakatimizdagi oliy ta’lim muassasalari talabalari Google Gemini AI Plus premium xizmatidan bir yil davomida mutlaqo bepul foydalanishlari mumkin. Bozor qiymati 60 AQSH dollariga teng bo‘lgan ushbu yillik obuna yoshlarga zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtirish va ilmiy faoliyat samaradorligini oshirish uchun taqdim etilmoqda.
Imtiyozdan foydalanish uchun maxsus Aileaders.uz platformasi orqali ro‘yxatdan o‘tish talab etiladi. Xalqaro miqyosdagi e’tirof va qulayliklar Ushbu loyihaning hayotga tadbiq etilishi O‘zbekistonning jahon axborot texnologiyalari maydonidagi o‘rni mustahkamlanib borayotganidan dalolat beradi.
Xususan, Google kompaniyasining talabalik maqomini tasdiqlovchi rasmiy hamkori hisoblangan SheerID platformasi O‘zbekistonni o‘zining qo‘llab-quvvatlanadigan davlatlar ro‘yxatiga kiritdi. Bu qaror o‘zbekistonlik yoshlarga xalqaro verifikatsiya jarayonidan hech qanday to‘siqlarsiz o‘tish va o‘z maqomini tasdiqlash imkonini beradi.
Ilgari bunday imkoniyatlardan foydalanishda yuzaga kelgan texnik cheklovlar endilikda to‘liq bartaraf etildi. Talabalar uchun yangi imkoniyatlar eshigi Mazkur tashabbus oliy ta’lim tizimida tahsil olayotgan yoshlar uchun qator afzalliklarni taqdim etadi.
Birinchidan, bir yil davomida premium sun’iy intellekt vositasidan bepul foydalanish talabalarga murakkab tahliliy jarayonlarni osonlashtirishga yordam beradi. Ikkinchidan, ilgari pullik bo‘lgan ilg‘or modellar va funksiyalar endi bilim olish hamda tadqiqotlar o‘tkazish uchun bepul vositaga aylandi.
Bu esa talabalarning o‘z mablag‘larini tejashiga va sifatli ta’lim resurslaridan foydalanishiga xizmat qiladi. Sun’iy intellekt yordamida talabalar dasturlash tillarini o‘rganish, murakkab algoritmlar bilan ishlash, ilmiy maqolalarni tahlil qilish va xorijiy tillarni o‘zlashtirish jarayonini sezilarli darajada tezlashtirishlari mumkin.
Bunday zamonaviy yondashuv yosh mutaxassislarning mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini oshiradi. Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan amalga oshirilayotgan ushbu chora-tadbirlar mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish va yoshlarni global texnologik jarayonlarga integratsiya qilish yo‘lidagi muhim qadamdir.





