Shavkat Mirziyoyev Bekobodda yangi metallurgiya majmuasini ishga tushirdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Bekobod shahriga tashrifi davomida O‘zbekiston metallurgiya kombinatida barpo etilgan yangi Quyuv-prokatlash majmuasini ishga tushirish marosimida ishtirok etdi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Ushbu ulkan loyiha mamlakatimiz sanoati tarixida issiq prokatlangan po‘lat listlar ishlab chiqarish bo‘yicha birinchi majmua sifatida qayd etildi. Mazkur voqea sohadagi tub burilish va iqtisodiy yuksalishning yangi bosqichini boshlab berdi.
So‘nggi yillarda yurtimizda kon-metallurgiya tarmog‘ini yangi texnologik darajaga olib chiqish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Sohaga qariyb 2 milliard dollar miqdorida xorijiy investitsiya jalb etilib, 31 ta yirik ishlab chiqarish quvvati foydalanishga topshirildi.
Xususiy sektor uchun keng imkoniyatlar yaratilishi natijasida sohadagi korxonalar soni 150 tadan oshdi. Raqamlarga nazar tashlasak, 2016-yilda yillik mahsulot hajmi 800 ming tonna bo‘lgan bo‘lsa, hozirgi kunda bu ko‘rsatkich 3 million tonnaga yetdi.
Mahsulotlarning umumiy qiymati esa 1,5 trillion so‘mdan 23 trillion so‘mga oshdi. Ilgari asosan qurilish uchun metall prokat ishlab chiqarilgan bo‘lsa, bugun mashinasozlik, mudofaa va energetika tarmoqlari uchun 80 turdagi yangi mahsulotlar yetkazib berilmoqda.
O‘zbekiston 2030-yilga borib yalpi ichki mahsulot hajmini 240 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilgan. Kelgusi besh yilda iqtisodiyotga 180 milliard dollar xorijiy sarmoya kiritilishi va yuz minglab xonadonli uylar qurilishi kutilmoqda.
Bu esa metallga bo‘lgan talabni yana bir yarim barobar oshiradi. Bunday sharoitda 5,5 ming nafardan ziyod ishchiga ega bo‘lgan O‘zmetkombinatning o‘rni beqiyosdir.
Yangi ishga tushirilgan Quyuv-prokatlash majmuasi energiya tejamkor texnologiyalar va raqamli yechimlarga asoslangan bo‘lib, korxonada yangi davrni boshlab beradi. Loyiha doirasida yiliga 8 trillion so‘mlik 1 million tonna issiq prokatlangan po‘lat list ishlab chiqariladi.
Bu esa Toshkent va Samarqand metallurgiya zavodlarining xomashyoga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qoplaydi hamda 1 200 ta yangi ish o‘rni yaratilishiga xizmat qiladi. Tantanali marosimda kombinatning xomashyo mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha yangi strategiya ham e’lon qilindi.
Mamlakatimizda 1,5 milliard tonna temir rudasi zaxirasi mavjud bo‘lib, ulardan samarali foydalanish maqsadida Tebinbuloq koni yaqin yillarda ishga tushiriladi. Shuningdek, Surun-ota konidan olinadigan xomashyoni qayta ishlash uchun 180 million dollarlik zamonaviy metallurgiya zavodi qurilishi rejalashtirilgan.
Kelgusi uch yilda po‘lat sharlar ishlab chiqarish quvvatini ikki barobar oshirish va ekologik toza sanoat parklarini tashkil etish ham asosiy vazifalar sirasiga kiradi.





