Dok-1 Maks ishi bo‘yicha jabrlanuvchilarga tovon pullari to‘lanmoqda

O‘zbekistonda shov-shuvli «Dok-1 Maks» ishi bo‘yicha sud hukmi ijrosini ta’minlash va jabrlangan fuqarolarga tovon pullarini to‘lash jarayoni jadal davom ettirilmoqda. Bu haqda One.uz xabar beradi.
Sud qaroriga asosan, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining sobiq rahbari S. Kariyev va boshqa aybdor shaxslardan 85 nafar jabrlanuvchi foydasiga jami 78 milliard so‘m miqdorida ma’naviy va moddiy zarar undirilishi belgilangan.
Hozirgi vaqtga qadar olib borilgan majburiy ijro harakatlari natijasida umumiy qarzning 16,7 milliard so‘mi undirilib, jabrlangan oilalar o‘rtasida teng taqsimlangan. Majburiy ijro byurosi tomonidan qarzdorlarga tegishli bo‘lgan mol-mulklarni aniqlash va ularni realizatsiya qilish choralari ko‘rilmoqda.
Xususan, S. Kariyevga tegishli bo‘lgan bir qator ko‘chmas mulk ob’ektlari xatlanib, elektron onlayn auksion savdolariga chiqarilgan.
Toshkent shahrining Furqat ko‘chasida joylashgan noturar bino sotuvga qo‘yilishi natijasida 793 million so‘m mablag‘ shakllantirilgan va tovon pullari hisobiga o‘tkazilgan. Mulkni sotish va mablag‘larni taqsimlash jarayoni Shuningdek, poytaxtning Chilonzor tumanida joylashgan va 7,1 milliard so‘mga baholangan turar joy binolari ham savdoga chiqarilgan bo‘lib, hozirda auksion jarayonlari yakuniga yetkazilmoqda.
Jabrlanuvchilarga to‘langan mablag‘larning bir qismi aynan mana shunday mulklarni sotishdan tushgan bo‘lsa, yana bir qismi qarzdorning oila a’zolari tomonidan ixtiyoriy ravishda to‘lab berilgan. Bu chora-tadbirlar og‘ir judolikka uchragan oilalarning moddiy ehtiyojlarini qisman bo‘lsa-da qoplashga xizmat qilmoqda.
Shuni ta’kidlash joizki, sud tomonidan belgilangan umumiy zararning hali 61,3 milliard so‘mga yaqin qismi undirilishi lozim. Majburiy ijro byurosi mutasaddilari qolgan mablag‘larni undirish maqsadida qarzdorlarning boshqa aktivlarini aniqlash va ularni qonuniy tartibda sotuvga qo‘yish bo‘yicha ishlarni davom ettirmoqda.
Ushbu jarayon davlat nazoratida bo‘lib, har bir jabrlanuvchining haq-huquqlari to‘liq tiklanmaguncha to‘lovlar to‘xtatilmaydi. Mazkur holat mamlakatimizda inson huquqlarini himoya qilish va sud qarorlarining muqarrar ijrosini ta’minlash borasidagi ishlarning muhim qismi hisoblanadi.
«Dok-1 Maks» fojiasi bilan bog‘liq bu jarayon jamoatchilik e’tiborida bo‘lib, har bir undirilgan mablag‘ shaffoflik asosida o‘z egalariga yetkazib berilmoqda.





