
O‘zbekiston Respublikasida intellektual mulkni himoya qilish yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Bu haqida Upl.uz xabar berdi.
2025-yil 8-avgustda qabul qilingan ZRU-1080-sonli qonun ayrim qonunchilik hujjatlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritadi. Ushbu o‘zgarishlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonini soddalashtirish hamda intellektual mulk sohasidagi qonunbuzarliklarga nisbatan javobgarlikni kuchaytirishni maqsad qilgan.
Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining matbuot xizmati xabar berdi. Qonundagi asosiy yangiliklardan biri sanoat mulki ob’ektlariga patentlarni avtomatik tarzda elektron tizim orqali berishdir.
Ilgari sanoat mulki ob’ektlariga patent berish rasmiy byulletennda ro‘yxatga olish haqida ma’lumot e’lon qilinganidan keyin 10 kun o‘tib amalga oshirilardi. Endilikda bu jarayon yanada tezlashtiriladi.
Shuningdek, qonun intellektual mulk huquqlarini buzganlik uchun jazoni kuchaytirishni nazarda tutadi. Bu faqat soxta mahsulotlar ishlab chiqarish bilan emas, balki tovar belgilarini, ixtirolar va mualliflik huquqlarini noqonuniy ishlatish bilan bog‘liq holatlarga ham taalluqlidir.
Ushbu chora-tadbirlar intellektual mulk sohasidagi qonuniylikni ta’minlashga xizmat qiladi.