
Buxoro viloyati ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmatida ma’lumot berildi. Bu haqida Upl.uz xabar berdi.
2024-yil 4-sentabr kuni soat taxminan 12:02 da Buxoro viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimlaridan qisqa raqam “102” ga Bog‘idaxt qishlog‘ida yuzaga kelgan hodisa haqida xabar kelib tushdi. Xabarga ko‘ra, Buxoro tumanidagi 7-mikrorayon hududida yangi qurilayotgan ko‘p kvartirali uylarni markaziy kanalizatsiya tizimiga ulash jarayonida besh ishchi texnika xavfsizligi qoidalariga rioya qilmay kanalizatsiya qudug‘iga tushib ketgan.
Aniqlanishicha, “Fayz Binokor Oltiarik” MChJga tegishli besh ishchi va “Urta Osiyo Qurilish” MChJga qarashli “Kamaz” avtokrani yordamida yangi uylarga kanalizatsiya tizimini ulash ishlari olib borilgan. Ishchilar quduqning 8 metr chuqurligida teshik ochish maqsadida quduq qopqog‘ini Buxoro viloyati suv ta’minoti korxonasidan ruxsat olmasdan olib tashlagan.
Shu bilan birga, ular oddiy xavfsizlik qoidalarini buzib, quduqqa yiqilib tushgan. Kuchli oqim ta’sirida ular kanalizatsiya trubasiga tortilib ketgan.
Natijada, Buxoro viloyati Zarmanok mahallasidagi oqava suvlarni o‘tkazish tugunida uch kishi jasadi topilgan, qolgan ikki kishini qidirish ishlari davom etmoqda. Mazkur holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining “Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish” moddasi 2-qismi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi.
Aybdor shaxslarga besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanilishi mumkin.