
Navoiy viloyatida tabiiy gazning noqonuniy ishlatilishi aniqlanganligi haqida Uzenergoinspeksiya matbuot xizmati xabar berdi. Bu haqida Upl.uz xabar berdi.
Navoiy viloyati Uzenergoinspeksiya boshqarmasi xodimlari tomonidan nazorat tadbirlari o‘tkazildi. Tekshiruvlar davomida Navbahor tumanidagi "B.V.O‘." sport majmuasining faoliyati o‘rganildi.
Tekshiruvda sport majmuasining gaz uskunalari gaz ta’minotiga noqonuniy ulanganligi aniqlangan. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, yetkazilgan zarar umumiy miqdori 1 milliard so‘mni tashkil etadi.
To‘plangan hujjatlar tergov organlariga yuborildi va dastlabki tergov o‘tkazilishi belgilandi. Tergov yakunida barcha mas’ul shaxslarning harakatlariga qonuniy baho beriladi hamda jinoiy ish qo‘zg‘atish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi.
Sport majmuasining mas’ul shaxslariga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi, 4-qismi bo‘yicha 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanilishi mumkin.