
Namangan viloyati ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, jinoyatda gumon qilingan va qidiruvga berilgan shaxs ushlangan. Bu haqida Upl.uz xabar berdi.
Turakurgan tumani ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan qidiruvga berilgan ushbu shaxs 1976 yilda tug‘ilgan bo‘lib, "Katagon" mahallasida istiqomat qiladi. Unga nisbatan firibgarlik jinoyatini sodir etganlikda gumon qilinmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi, 3-qismi bo‘yicha unga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. O‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida gumon qilinayotgan shaxs Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida aniqlanib, ushlangan.
Hozirda u Namangan viloyatiga olib kelingan va Mingbuloq tumani ichki ishlar bo‘limi vaqtincha saqlash izolyatoriga joylashtirilgan. Unga nisbatan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanilishi mumkin.