O‘zbekiston va Qozog‘iston prezidentlari Buxoroning tarixiy obidalarini ziyorat qildilar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev qadimiy Buxoro shahrining jahonga mashhur tarixiy obidalarini ziyorat qildilar. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Davlat rahbarlari Ark qo‘rg‘oni, Poi Kalon majmuasi hamda Labi Hovuz ansambli kabi noyob me’moriy yodgorliklar bilan yaqindan tanishdilar. Ushbu tashrif davomida mehmonlarga Buxoroning boy o‘tmishi, uning Sharq sivilizatsiyasi, ilm-fan va madaniyat rivojidagi beqiyos o‘rni haqida batafsil ma’lumot berildi.
Tashrifning dastlabki manzili Buxoro hukmdorlarining ko‘p asrlik qarorgohi bo‘lgan Ark qo‘rg‘oni bo‘ldi. Mazkur qal’a nafaqat siyosiy markaz, balki YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan tarixiy shahar qismining ajralmas bo‘lagidir.
Shundan so‘ng davlat rahbarlari Markaziy Osiyoning me’moriy durdonasi hisoblangan Poi Kalon majmuasiga tashrif buyurdilar. 1127 yilda barpo etilgan Kalon minorasi va uning atrofidagi Kalon masjidi hamda Mir Arab madrasasi o‘zining mahobati bilan mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Delegatsiya a’zolari Labi Hovuz majmuasida ham bo‘lib, u yerdagi Ko‘kaldosh va Nodir Devonbegi madrasalari bilan tanishdilar. Bu maskanlar asrlar davomida nafaqat savdo, balki ma’naviyat va ta’lim markazi bo‘lib kelgan.
Tashrif chog‘ida hunarmandchilik an’analari va me’moriy bezak san’atining o‘ziga xosligi namoyish etildi. Buxoro Buyuk ipak yo‘li chorrahasida joylashgan yirik ilm-fan va madaniyat o‘chog‘i sifatida alohida ahamiyat kasb etadi.
Ayniqsa, Buxoro madrasalarida qo‘shni xalqlar, jumladan, qozoq ziyolilari va ma’rifatparvarlarining tahsil olgani ikki xalq o‘rtasidagi tarixiy rishtalar naqadar chuqur ekanidan dalolat beradi. Jusup Ko‘peyev, Nurjon Naushabayev, Shortanbay Qanay o‘g‘li va Sultonmahmut To‘rayg‘irov kabi qozoq adabiyoti va ma’naviyati namoyandalari o‘z faoliyatida Buxoro madrasalarining ilmiy muhitidan bahramand bo‘lganlari alohida e’tirof etildi.
Bu kabi tarixiy aloqalar bugungi kunda ham O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

