Osiyo futbol konfederatsiyasi yangi formatdagi Millatlar ligasini tashkil etadi

Osiyo futbol konfederatsiyasi 2030-yildan eʼtiboran yangi formatdagi Osiyo Millatlar ligasi turnirini yoʻlga qoʻyishni rejalashtirmoqda. Bu haqda One.uz xabar beradi.
Har ikki yilda bir marta oʻtkaziladigan ushbu musobaqa uchta diviziondan iborat boʻlib, u qitʼadagi ahamiyati past boʻlgan oʻrtoqlik uchrashuvlari oʻrnini egallaydi. Eng muhimi, yangi turnir FIFA Jahon chempionati va Osiyo kubogi saralash bosqichlari bilan uzviy bogʻlanadi va jamoalarning yirik musobaqalarga yoʻllanma olish tartibini tubdan oʻzgartiradi.
Goal.com nashrining xabar berishicha, OFKga aʼzo 47 ta milliy assotsiatsiyani qamrab oluvchi ushbu tizim uch bosqichdan iborat boʻladi. Loyihaga koʻra, dastlabki ikkita yuqori divizionda 18 tadan jamoa, uchinchi divizionda esa 11 ta terma jamoa ishtirok etishi koʻzda tutilgan.
Bunday tuzilma terma jamoalar uchun xalqaro maydondagi raqobatbardoshlikni oshirish bilan birga, yirik turnirlarga saralash jarayonini sezilarli darajada soddalashtirishga xizmat qiladi. Mutaxassislarning fikricha, alohida mustaqil turnir tashkil etish gʻoyasi yuqori xarajatlar va taqvimning tigʻizligi sababli rad etilgan.
Shu bois yangi format mavjud FIFA kunlaridan unumli foydalanishga yoʻnaltirilgan. Bu esa futbolchilarning ortiqcha toliqishining oldini oladi va uchrashuvlarning yuqori saviyada oʻtishini taʼminlaydi.
Musobaqa formati va saralash tizimi Jahon chempionati bilan integratsiya qilingan mavsumlar 2032–2033-yillardan boshlab toʻliq kuchga kirishi kutilmoqda. Mazkur tizimda birinchi divizion jamoalari oʻz maydonida va safarda jami 12 ta uchrashuv oʻtkazadilar.
Guruh bosqichi yakuniga koʻra dastlabki oltita oʻrinni egallagan terma jamoalar toʻgʻridan-toʻgʻri Jahon chempionati yoʻllanmasiga ega boʻladilar. Yettinchi va oʻninchi oʻrinlar oraligʻidagi jamoalar esa qolgan yoʻllanmalar uchun pley-off bahslarida ishtirok etishadi.
Divizionlar oʻrtasida jamoalar almashinuvi ham yoʻlga qoʻyiladi. Har bir bosqich yakunida eng yuqori va eng quyi natija koʻrsatgan ikki jamoa mos ravishda yuqori divizionga koʻtariladi yoki quyi guruhga tushib ketadi.
Strategik ahamiyat va oʻtish davri OFK bosh kotibi Datuk Seri Vindor Jon oʻz bayonotida ushbu islohotning strategik ahamiyatiga toʻxtalib oʻtdi. Uning taʼkidlashicha, FIFA taqvimi asosida yaratilgan yangi platforma muntazam ravishda sifatli oʻyinlar oʻtkazish imkonini beradi.
Shuningdek, tijorat hamkorlari va homiylar tomonidan ham bunday formatga boʻlgan qiziqish tobora ortib bormoqda. Tuzilmaviy oʻzgarishlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun 2028–2029-yillarda sinov tariqasidagi oʻtish turniri oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
Unda jamoalarning divizionlarga taqsimlanishi FIFA reytingiga emas, balki saralash oʻyinlaridagi natijalarga asoslanadi. Bu esa barcha ishtirokchi davlatlar uchun adolatli va teng imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.





