Fransiyada Shamonda virusi insonda aniqlandi bemor vafot etdi

Fransiyada asosan qoramollarda uchraydigan Shamonda virusi ilk bor insonda aniqlandi. Bu haqda One.uz xabar beradi.
Virus qayd etilgan bemor oktyabr oyi boshida Lion shahrida vafot etgan. Ma'lum qilinishicha, ushbu holatga qadar virus odamlarga yuqmaydi, deb hisoblangan.
Vafot etgan bemorning immuniteti keskin zaiflashgan bo'lib, u Liondagi kasalxonada davolangan. Mutaxassislar virus bemorga mayda qon so'ruvchi hasharot orqali yuqqan bo'lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.
Biroq infeksiyaning aniq manbasi hozircha noma'lum. Bemorda o'limidan oldin kuzatilgan miya asoratlari virus bilan bog'liq bo'lishi ehtimoli bor.
Ayni paytda Shamonda infeksiyasi uning o'limiga sabab bo'lganmi yoki boshqa omillar ham ta'sir ko'rsatganmi, degan savol o'rganilmoqda. Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti va Yevropa kasalliklarning oldini olish va nazorat qilish markazi tekshiruvda hamkorlik qilmoqda.
Hozircha virus aholi salomatligi uchun keng ko'lamli xavf tug'dirayotganiga dalil yo'qligi bildirilgan. Shamonda virusi haqida ma'lumot Virus asosan qoramollarga ta'sir qiladi.
Kasallangan hayvonlarda isitma, holsizlik va ich ketishi kuzatilishi, sigirlarda esa sut mahsuldorligi pasayishi mumkin. Infeksiya mayda chaquvchi hasharotlar orqali tarqaladi.
Shamonda virusi ilk bor 1960-yillarning o'rtalarida Nigeriyada aniqlangan. Keyinchalik Afrika va Yaponiyada ham qayd etilgan.
2026 yil yozida esa virus Yevropaning bir qator mamlakatlarida hayvonlar orasida tarqalgan. Fransiyadagi ushbu holat virusning insonda aniqlangan birinchi ma'lum misoli hisoblanadi.
Uning o'lim bilan bog'liqligi bo'yicha yakuniy xulosa hali berilmagan.





