
Namangan viloyati ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati tomonidan ma’lum qilinishicha, internet firibgarligi bilan shug‘ullangan shaxslar aniqlandi. Bu haqida Upl.uz xabar berdi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ikki nafar jabrlanuvchi murojaat qilgan. Ularning bank plastik kartalaridan 2-iyul kuni pul mablag‘lari o‘g‘irlangan.
Uychi tumanining Kumtepa mahallasida yashovchi fuqarodan 13 million 850 ming so‘m, Namangan shahrining Kadamjo mahallasida yashovchi shaxsdan esa 6 million 556 ming 550 so‘m mablag‘ olib qo‘yilgan. O‘tkazilgan tergov-surishtiruv ishlari davomida jabrlanuvchilar tashkil etilgan jinoyatchilik guruhining internet firibgarlari qurboni bo‘lgani aniqlangan.
Jinoyatchilar qatorida Toshkent shahrining Shayhantahur tumani Beshyog‘och mahallasida yashovchi 2003-yilda tug‘ilgan shaxs, uning qo‘shnisi 2005-yilda tug‘ilgan shaxs hamda Yunusobod tumani Firdavsiy mahallasida yashovchi 2001-yilda tug‘ilgan shaxs borligi ma’lum bo‘ldi. Ular firibgarlik yo‘li bilan jabrlanuvchilarning bank plastik kartalariga kirib, pul mablag‘larini o‘zlashtirishgan.
Mazkur holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi, 3-qismi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jinoyatchilarga sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanilishi mumkin.