
O‘zbekiston mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan Turizm qo‘mitasi ichki turizmni rivojlantirish maqsadida keng ko‘lamli chegirmalar dasturini e’lon qildi. Bu haqida Upl.uz xabar berdi.
Ushbu tashabbus sayyohlarning sayohat xarajatlarini sezilarli darajada kamaytirishga yordam beradi va ularni yurtimizning go‘zalliklari hamda boyliklari bilan tanishtiradi. Dastur doirasida mamlakat bo‘ylab mehmonxonalar, mehmon uylari va xostellarda turar joy uchun 20 foizgacha chegirmalar taqdim etiladi.
Shuningdek, mehmonlar “Vaqf” fondi va Madaniy meros agentligi nazoratidagi muzeylar hamda madaniy ob’ektlarga kirish chiptalarini arzon narxlarda xarid qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Chegirmalar ekskursiyalar va boshqa turizm xizmatlariga ham taalluqlidir, bu esa mamlakat madaniy merosi bilan tanishishni yanada qulay qiladi.
Hududlarda esa hokimliklar bilan hamkorlikda yarmarkalar, bayram tadbirlari va madaniy aksiyalar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bu tashabbus ichki turizmni faollashtirishga katta hissa qo‘shadi.