
Andijon viloyati Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmatidan olingan ma’lumotga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabar yuzasidan izoh berildi. Bu haqida Upl.uz xabar berdi.
2024 yil 18 avgust kuni soat taxminan 00:05 da Izboskan tumani "Taraqqiyot" mahallasida yashovchi 1987 yilda tug‘ilgan fuqaro bilan "Mirzo Ulug‘bek" mahallasida yashovchi 1990 yilda tug‘ilgan fuqaro o‘rtasida uzoq vaqtdan beri mavjud bo‘lgan shaxsiy adovat sababli janjal yuz berdi. Ushbu janjal davomida 1987 yilda tug‘ilgan fuqaro ikkinchi ishtirokchini qo‘l va oyoqlari bilan turli tana qismlariga zarba berib, unga og‘ir tan jarohatlari yetkazdi.
Jarohatlangan shaxs shoshilinch tibbiy muassasaga ongisiz holatda yetkazilgan va ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramay vafot etgan. Mazkur holat bo‘yicha jinoyat ishi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi, 2-qismi — «Qasddan og‘ir tan jarohati yetkazish» bandi bo‘yicha qo‘zg‘atildi.
Gumonlanuvchiga 5 dan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.