
O‘zbekiston Energoinspektsiyasi matbuot xizmatining xabar qilishicha, noqonuniy elektr energiyasi iste’moli aniqlangan. Bu haqida Upl.uz xabar berdi.
Toshkent viloyati Energoinspektsiyasi hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan nazorat tadbirlari o‘tkazilgan. Tadbirlar davomida Yangiyul tumanida faoliyat yuritayotgan yakka tadbirkor X.
M.ga tegishli to‘qimachilik sexining uskunalari elektr tarmog‘iga ruxsatsiz ulanganligi aniqlangan. Ma’lum qilinishicha, turli ishlab chiqarish uskunalarini ulash va elektr energiyasidan tijorat maqsadlarida foydalanish faqat elektr ta’minoti tashkiloti bilan tegishli shartnoma tuzilgan taqdirda ruxsat etiladi.
Boshqa holatlarda elektr energiyasi iste’moli noqonuniy hisoblanadi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, yetkazilgan zarar umumiy qiymati 3 milliard 78 million so‘mni tashkil qiladi.
Ushbu holat bo‘yicha barcha yig‘ilgan materiallar tergov organlariga yuborilgan va dastlabki tekshiruv o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Jinoyatchiga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 166-moddasi, to‘rtinchi qismi bo‘yicha 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanilishi mumkin.