
Poytaxt bosh boshqarma yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, yo‘l harakati qoidalarini buzgan shaxsga nisbatan tegishli choralar ko‘rilgan. Bu haqida Upl.uz xabar berdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda “Malibu” rusumli avtomobil haydovchisi va yo‘l harakati nazorati inspektori ishtirokidagi videorolik tarqaldi. Inspektor avtomobilning old oynasining davlat tomonidan belgilangan standartlarga mos kelmaydigan darajada qoraytirilgani sababli haydovchini to‘xtatdi.
Ammo haydovchi noma’lum shaxsga qo‘ng‘iroq qilib, mobil telefonini inspektorga uzatdi va suhbatdan so‘ng qonuniy choralar ko‘rilmasdan ozod qilindi. Ijtimoiy tarmoqlardagi foydalanuvchilarning noroziligi va keng jamoatchilik e’tirozidan so‘ng, yo‘l harakati nazorati xodimlari ushbu qoidabuzarni topib, uning avtomobilini jarima maydonchasiga joylashtirdi.
Ta’kidlash joizki, jarima maydonchasida avtomobil old oynasidan qoraytiruvchi plyonka olib tashlangan edi. Ushbu holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik kodeksining “Ko‘z o‘ngini cheklovchi oynalar, shuningdek, oynalarni qoraytiruvchi yoki aks ettiruvchi plyonkalar bilan jihozlangan transport vositalarini ekspluatatsiya qilish” moddasiga binoan ma’muriy protokol rasmiylashtirildi.
Qoidabuzarga 25 bazaviy hisoblash miqdorida jarima solinishi mumkin, bu 10 million 300 ming so‘mni tashkil etadi.