
Deputatlar fuqarolarning o‘z tasvirlari ustidan huquqlarini kuchaytirishga qaratilgan qonunchilikka o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritishni muhokama qilmoqdalar. Bu haqida Upl.uz xabar berdi.
Loyihaga muvofiq, insonni suratga olish va uning tasviridan foydalanish uchun rozilik olish majburiy hisoblanadi. Agar shaxs huquqiy jihatdan qobiliyatsiz bo‘lsa, rozilikni uning qonuniy vakili beradi.
Shaxs vafot etgan taqdirda, agar u tirikligida o‘z tasviridan foydalanishga rozilik bermagan bo‘lsa, bu huquq merosxo‘rlarga o‘tadi. Shuningdek, qonun loyihasida 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar mustaqil huquq subyekti sifatida tan olinadi.
16 yoshgacha bo‘lgan bolalarning tasvirini olish va undan foydalanish uchun ota-onalari yoki vasiylari rozilik berishi lozim. 16 yoshdan boshlab esa bolalar bu qarorlarni o‘zlari qabul qilish huquqiga ega bo‘ladi.
Bundan tashqari, qonun loyihasi videokuzatuv paytida shaxsiy daxlsizlikni ta’minlash talablarini belgilaydi. Agar bino yoki inshootda videokuzatuv tizimi o‘rnatilgan bo‘lsa, bu haqda ogohlantiruvchi belgi majburiy tarzda joylashtiriladi.
Qonun loyihasida ruxsatsiz suratga olish va tasvirdan foydalanish mumkin bo‘lgan holatlar ro‘yxati ham keltirilgan. Ushbu huquqiy o‘zgarishlar fuqarolarning shaxsiy daxlsizligini himoya qilish va ularning tasvirlari ustidan nazoratni kuchaytirishga xizmat qiladi.