
O‘zbekistonda umumiy o‘rta ta’lim tizimi tubdan o‘zgarishlarga yuz tutmoqda. Bu haqida Upl.uz xabar berdi.
Mamlakatda rasmiy ravishda 12 yillik ta’lim modeli joriy etilishi boshlandi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot xizmatidan ma’lum qilindi.
Yaqin kunlarda ushbu yangiliklarni tasdiqlovchi normativ-huquqiy hujjat imzolanishi kutilmoqda. Ushbu qaror ta’lim sohasini isloh qilish bo‘yicha keng qamrovli dastur doirasida qabul qilindi.
Dastur prezidentga 8 sentyabr kuni taqdim etilgan bo‘lib, u maktabgacha ta’limdan tortib oliy ta’limgacha bo‘lgan barcha bosqichlarni tizimli yangilashni ko‘zda tutadi. 12 yillik ta’limga o‘tish xalqaro tajribaga moslashish maqsadida amalga oshirilmoqda.
2022 yilda o‘tkazilgan PISA tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatdiki, ta’limda yetakchi hisoblangan 85 foiz mamlakatlarda o‘quv yillari soni aynan 12 yilni tashkil etadi. Yangi model joriy etilishi o‘quv dasturlarini xalqaro standartlarga moslashtirishga, shuningdek, o‘quvchilarni keyingi bilim olish va kasbga tayyorlash bosqichlariga sifatli tayyorlashga imkon beradi.
Yangilangan tizim tuzilmasi quyidagicha bo‘ladi: birinchi yil 6 yoshdagi bolalar uchun maktabga tayyorgarlik bosqichi sifatida belgilangan bo‘lib, u boshlang‘ich ta’limning bir qismi hisoblanadi. Boshlang‘ich ta’lim umumiy 5 yilni tashkil etadi, bunda 1 yil tayyorgarlik va 4 yil boshlang‘ich maktab o‘quvi mavjud.
Keyingi bosqich 5-9-sinflarni o‘z ichiga olgan asosiy umumiy o‘rta ta’lim bo‘lib, 5 yil davom etadi. So‘nggi 2 yil esa to‘liq umumiy o‘rta ta’lim bosqichi bo‘lib, u maktablar, akademik litseylar, ixtisoslashtirilgan harbiy maktablar yoki texnikumlarda olib boriladi.
O‘tish jarayonini silliq tashkil etish va zarur infratuzilmani yaratish maqsadida 3600 ga yaqin yangi maktablar qurilishi va mingdan ortiq davlat bog‘chalari ochilishi rejalashtirilgan. Aynan shu muassasalarda eng kichik o‘quvchilar uchun yangilangan tayyorgarlik dasturi sinovdan o‘tkaziladi.
Qiziqarli jihati shundaki, 12 yillik ta’limga o‘tish haqida ma’lumotlar 2023 yildan boshlab ijtimoiy tarmoqlarda faol muhokama qilinar edi. Ammo o‘sha paytda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bu gaplarni rasman rad etgan, amalda 11 yillik ta’lim amal qilganini ta’kidlagan.
Hozirgi qaror davlat darajasida yondashuvlar qayta ko‘rib chiqilganini va keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirishga siyosiy iroda borligini ko‘rsatadi. Mustaqil O‘zbekiston tarixida ilgari ham 12 yillik ta’lim tizimi mavjud bo‘lgan.
2010 yildan 2017 yilgacha ta’lim 9+3 sxemasi asosida tashkil etilgan bo‘lib, unda 9-sinfni tamomlagan o‘quvchilar majburiy ravishda kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarida ta’lim olishgan.